Kirib kelayotgan yil hodisalarga va keskin oʻzgarishlarga boy yorqin davr boʻlishi kutilmoqda. Moviy rang Sharqda eng beqaror rang hisoblanib, shu sababdan bu pallada hayotdagi tub burilishlarga tayyor turish va uzoq davrdan beri orzu boʻlib kelgan oʻzgarishlarni vanihoyat amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Kutilayotgan yilda yangi bilim, koʻnikma va ixtisoslikka ega boʻlgan holda oʻzini takomillashtirish, ish joyini yoki lavozimni oʻzgartirish, yangi joyga yoki xonadonga koʻchib oʻtish va hatto kasb sohasini almashtirish ham omadli kechadi. Asosiysi, bunday keskin yangilik masʼuliyatini his qilib, ishni yarim yoʻlda qoldirmay, faqat olgʻa ildamlash talab etiladi.
Yoʻlbars oʻziga xos qaysar, sarkash, qiziquvchan va qoʻrqmas hayvon boʻlgani bois bu yil har jabhada hushyor, ziyrak va ogoh boʻlgan maʼqul. Suv uning bu xususiyatlarini biroz yumshatib, jahl va gʻazabini bostiradi, insonlarga adovatli munosabatini soʻndirib, tinchlantiradi.
Aslida, yoʻlbars yovuz jonivor emas. Shunchaki u tabiatan yirtqich hayvon boʻlib, hamma vaqt oʻz oʻljasini va yangi joylarni izlab faol hayot kechiradi. Yil ham xuddi u kabi yorqin, joʻshqin, keskin va oldindan bilib boʻlmas shaklda oʻtishni vaʼda qilmoqda.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
