Bu yil kuzda men Vyetnamning Danang shahriga sayyohlik yoʻllanmasi bilan dam olishga bordim. Shundan soʻng Vyetnam odamlar hayotida kamida bir marta borishi kerak boʻlgan mamlakatlardan biri degan xulosaga keldim. 

Danang mamlakatning markaziy qismidagi asosiy kurort shahri hisoblanadi. U tabiiy landshaftlari, tarixiy diqqatga sazovor joylari va zamonaviy xizmatlarning uygʻunligi bilan sayyohlar orasida tez ommalashmoqda. 

 Danangda marmar haykallari qad rostlab turadi. Shaharning qirgʻoqboʻyi qismida koʻplab kafe va restoranlar joylashgan. Kechqurun sohil sayyohlar va mahalliy aholi uchun dam olish maskaniga aylanadi.

 Danangdagi Xon daryosi ustiga bir nechta koʻprik qurilgan boʻlib, ulardan eng mashhuri Ajdaho koʻprigi hisoblanadi. Uning uzunligi 666 metr boʻlib, transport qatnovi uchun 2013-yilda ochilgan.

 Har oqshom quyosh botganidan soʻng koʻprik yuzlab chiroqlar bilan yoritiladi. Uzoqdan bu ajib manzara kasb etadi. Ayniqsa, koʻprikdan yorugʻlik toʻlqini oʻtib, chiroqlar rangini oʻzgartira boshlagani hayratlanarli. Lekin asosiy tomosha juma, shanba va yakshanba kunlari soat 21:00 da boʻlib oʻtadi. Bu vaqtda Ajdaho ogʻzidan olov va suv purkab, tomoshabinlarga zavq beradi. 

 Vyetnam — bu qadimiy ibodatxonalar, ajoyib tabiat, yil boʻyi iliq dengiz, vizasiz sayohat qilish imkoniyati deganidir.

 Sayohatim davomida vyetnamliklar haqida bir qancha qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldim. Masalan ular quyoshda qorayishni yoqtirmas ekan. Bu yerda odam terisi qanchalik oq boʻlsa, shuncha chiroyli deb hisoblanadi.

— Mamlakat aholi jon boshiga sholi isteʼmol qilish boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. 

— Vyetnamdagi eng keng tarqalgan transport vositalari skuter va moped hisoblanadi. —Vyetnam milliy valyutasi — donglar qogʻozdan emas, plastmassadan yasalgan. Ular yirtilmaydi, namlanmaydi va deyarli ifloslanmaydi. 

Bu yurt qahva yetishtirish boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. Qahvaning deyarli butun hosili eksport qilinadi.

— Taʼbir joiz boʻlsa, Vyetnamda yoʻl harakati qoidalari faqat nomiga mavjud, amalda esa hech kim ularga rioya qilmaydi. Biroq haydovchilar bir-birlarini hurmat qilgan holda harakatlanishadi. Shaharda transport tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydi. Shu sababli yoʻl-transport hodisalari deyarli sodir etilmaydi. Bu borada bizning haydovchilarimiz ulardan oʻrnak olishsa, foydadan xoli boʻlmasdi.

— Vyetnamlik oilalarda koʻpincha faqat ikkita bola boʻladi, chunki uchinchi bola uchun katta soliq toʻlash kerak boʻladi. Biroq bu faqat shahar aholisiga taalluqlidir.

— Vyetnam hududida 7300 dan ortiq tarixiy va meʼmoriy obidalar, koʻplab qadimiy anʼanalar, urf-odatlar, marosimlar va bayramlar saqlanib qolgan.

 Vyetnam Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri hisoblanadi. Bu yerga jinoyatchilik darajasi juda past. Mamlakat har yili millionlab sayyohlarni qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda barcha oilaviy xavfsiz sayohat qilishi mumkin. Vyetnamliklar ham oʻzbeklar kabi mehmondoʻst va samimiy, mehnatsevar, maqsad sari intiluvchan va tinim bilmaydigan xalq. 

Gʻayratulla Shukurov,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.