Bir kuni mashhur ustaning yoniga yosh yigit keldi. Uni faqat birgina narsa qiziqtirardi: «Men hamma narsani oʻrgandim, bir talay kitob oʻqidim va koʻp narsani bilaman. Buning hammasiga oʻzim erishdim, hech kim yordam bermadi. Endi savolimga javob beringchi: menga ustoz kerakmi?».

 Usta kuldi va: «Bir necha kundan keyin kel va savolingga javob olasan» dedi. Yigit hayron boʻlib, iziga qaytdi. U nega usta shu zahotiyoq javob bermaganini tushunmasdi. Bir muddat vaqt oʻtgach, u yana qaytib keldi. Usta uning qoʻliga bir xatjild tutqazdi va tayinladi: «Iltimos, shuni daryoning narigi tarafidagi qishloqqa eltib ber. Sohilda bir qayiq va qayiqchini koʻrasan, u seni daryodan oʻtkazib qoʻyadi».

Ertasi kuni tongdanoq yigit sohilga yoʻl oldi, qayiqqa oʻtirdi. Biroq qirgʻoqdan ancha uzoqlashgach, qishloqqa yoʻlni soʻrab olmagani, u yerga qanday yetib olishni va xatni kimga berishni bilmasligi yodiga tushdi. Qayiqchiga murojaat qildi, ammo u ham bexabar edi.

Yigit qishloqqa yoʻlni aniq soʻrab olish uchun yana ustaning yoniga qaytishiga toʻgʻri keldi. Shunda usta soʻz qotdi: «Mana shu sening savolingga javobdir. Sayohatdan maqsading bor, manzilga yetish uchun mablagʻing ham yetarli, ammo borishing kerak boʻlgan yoʻlni bilmaysan. Yarim yoʻlda toʻxtab qolishingga ham shu sabab. Senga yoʻlni yaxshi biladigan yoʻlboshchi kerak boʻldi. Bilimli boʻlishning oʻzi yetarli emas. Undan toʻgʻri foydalanish uchun ham ustozga ehtiyoj bor».

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.