Bir dehqonning traktori buzilib qolibdi. Uning oʻzi, atrofdagi odamlar traktorni tuzatishga qanchalik harakat qilmasin, uddasidan chiqa olishmabdi. Axiyri, mutaxassisni chaqirishga qaror qilibdi.

Tez orada yetib kelgan usta traktorni koʻzdan kechirib, starterning ishlayotganiga amin boʻlibdi. Kapotni koʻtarib, har bir qismni sinchiklab tekshiribdi. Keyin bir bolgʻani qoʻliga olibdi-da, moʻljallab motorga qattiq zarb beribdi. Motor aslo buzilmaganday tirillab ishlab ketibdi.

Ishini yakunlagan usta uzatgan hisobni qoʻliga olib, unga koʻz tashlagan dehqonning koʻzlari hayratdan katta-katta ochilib ketibdi.

– Sen motorni bolgʻa bilan bir marta shunchaki urganing uchun mendan 100 tanga soʻrayapsanmi?

– Doʻstim, – javob qilibdi mutaxassis, – bir zarb uchun sendan bir tanga soʻradim, qolgan toʻqson toʻqqiz tangani kerakli zarb berish orqali mana shu nosozlikni bartaraf etishga yordam bergan bilimlarim uchun olyapman.

Rus tilidan

Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.