XOTIRANGIZ CHATOQMI?
Keksalarning aksariyati xotirasi zaiflashganidan shikoyat qilishadi. Eng qizigʻi, ulardan bolalik davridagi yoki 30-40 yil burungi voqealar haqida soʻrasangiz, bexato javob berishadi, lekin ikki-uch kun avvalgi voqealarni soʻrasangiz, baʼzan kulib, baʼzan jahl bilan «Kecha yegan ovqatim esimda yoʻgʻ-u», deyishadi.
Aqshning Boston universiteti olimlari bu muammoning yechimini topish ustida izlanmoqdalar. Ular gʻaroyib usulni kashf qilishdi. Gap miyaning muayyan qismlariga kuchsiz elektr zaryadlari yordamida taʼsir qilish haqida boryapti. Hozircha bunday usulda qisqa vaqtga xotirani tiklashga muvaffaq boʻlindi. Tadqiqotlar davom etyapti.
OKEANNI QUTQARING!
Tinch okean oʻrtasida chiqindi uyumlari koʻpaymoqda. Tadqiqotchilarning fikriga qaraganda, ahvol shu zayilda davom etaversa, boshqa okeanlarda ham chiqindilardan iborat koʻplab orollar paydo boʻladi. Oxir-oqibat esa yer yuzidagi tirik mavjudotlar atom bombasisiz ham butunlay qirilib ketadi.
Olimlar bunday falokatning oldini olish uchun maxsus dastur ishlab chiqishdi. Dastlab ular Dunyo okeanini maydoni 100x100 kilometrdan iborat 25 mingta kvadratga boʻlib chiqishdi. Har bitta kvadrat uchun uning nabotot va hayvonot olamini odamzodning vahshiyona munosabatidan muhofaza qilish stsenariysi ishlab chiqiladi. Mohiyatan olganda, mazkur kvadratlar oʻzi xos qoʻriqxonaga aylanadi. ularni himoya qilish uchun esa butun insoniyat javobga boʻladi
TINIB-TINCHIMAGAN YAPONLAR-YEY
Ayrimlar keksalik deganda barcha tashvishlarni unutib, oyoq uzatib yotishni tushunishadi. Ammo tadqiqot kishi nafaqaga chiqqanidan soʻng, bekorchilikni oʻziga odat qilib olsa, jismoniy va aqliy faolligi susaysa, sogʻligʻi yomonlashishini koʻrsatdi. Tekshirishlar yana shuni isbotladiki, baxt va hayotdan mamnunlik hayotiy faollik bilan bevosita bogʻliq ekan.
Tinib-tinchimas yaponlar buni juda yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham qarib-qartayib qolgunicha ishlashni yoki biror foydali mashgʻulot bilan shugʻullanishni maʼqul koʻrishadi. Mieko Nagaona kishi keksayganidan keyin ham qiziqarli hayot kechirishi mumkinligini oʻzining misolida isbotladi. Onaxon (bunday deyishga kishining tili ham bormaydi) 80 yoshdan keyin suzishni oʻrgandi. U shundan keyin sportning mazkur turi boʻyicha oʻz yosh toifasida 20 ga yaqin jahon rekordini oʻrnatdi. Kampirsho 106 yoshga kirganida “oʻzimning asosiy rekordlarim hali oldinda”, degan ekan. Ana boʻlmasa!
Bobomurod TOSHEV tayyorladi.
