Kun tarixi

BMT Bosh Assambleyasining 2001 yil 7 sentyabrdagi tegishli rezolyutsiyasiga koʻra, 21 sentyabr – Xalqaro tinchlik kuni deb eʼlon qilingan. Ushbu sana har yili jahon miqyosida keng nishonlab kelinmoqda.

Shu kuni dunyodagi barcha xalqlar va davlatlarga oʻt ochish va zoʻravonlikni toʻxtatish, kun davomida qurolli harakatlarga yoʻl qoʻymaslik, insonlarga tinchlik va barqarorlikning ahamiyatini turli maʼrifiy tadbirlar vositasida tushuntirish tavsiya etiladi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 2020 yil may oyida Ikkinchi jahon urushi tugashining 75 yilligi munosabati bilan yoʻllagan murojaatida shunday degan edi: “Ikkinchi jahon urushi tugashining 75 yilligi nishonlanishi asnosida, keling, 1945 yil saboqlarini eslaylik hamda saʼy-harakatlarimizni pandemiyaga barham va barcha uchun tinchlik-osoyishtalik, xavfsizlik va qadr-qimmat ulugʻlanadigan kelajak barpo etish maqsadlari yoʻlida birlashtiraylik”.

Yaqin oʻtmish tarixiga bir nazar tashlasak, Afgʻonistonda boshlangan notinchlik va urush harakatlari 40 yildan ortiqroq davom etdi. Haligacha bu yurtdan urush tahlikasi ketgani yoʻq. 1992-1997 yillar davomida yuz bergan Tojikistondagi fuqarolar urushi 160 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketdi. Iroq, Suriya, Liviyadagi urushlar, Togʻli Qorabogʻ tevaragidagi yuzaga kelgan kelishmovchiliklar va nizolar, Oʻsh, Fargʻona, Parkent, Boʻka, 1991 yilning dekabrida Namanganda yuz bergan tartibsizliklar, 2001 yil 11 sentyabr Aqshdagi terrorchilik harakatlari natijasida 2977 kishi halok boʻlgan va yana 24 kishi bedarak yoʻqolgan, 2005 yil may oyidagi Andijon voqealari, 2010 yil iyundagi Oʻsh fojiasi, qoʻshni Qozogʻistondagi notinchliklar, yurtimizda yaqinda ruy bergan voqealar, bugungi kundagi Ukraina va Rossiya oʻrtasidagi hamda Yaqin Sharqdagi qurolli toʻqnashuvlar va hokazo.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: Oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasida taʼkidlaganidek “Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tugʻdirayotgan, har qaysi mamlakatga rahna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir”.

Donishmandlarimiz yurti tinchning oʻzi tinch, deb bejiz aytmagan. Tinchlik-osoyishtalik hukm surgan joyda, yuksalish va taraqqiyot boʻladi, yurt gullab-yashnaydi, fuqarolarning turmushi farovonlashadi.

Darhaqiqat, TINCHLIK – bebaho neʼmat, uni asrash, uning kelajakka bezavol yetishiga hissador boʻlish har birimizning insoniy vazifamizdir.