Togʻu toshlarda oʻtin terib yurgan bir odam baland choʻqqidan burgutning tuxumini topib olibdi va uyiga qaytib, katakdagi kurk tovugʻining tuxumlariga qoʻshib qoʻyibdi. Vaqt oʻtib, birin-ketin joʻjalar tuxumni yorib chiqibdi. Mitti burgutcha ham ularning orasida voyaga yetarkan, xuddi tovuqning bolalariga oʻxshab borar, ular kabi qagʻqagʻlab, yerdan chuvalchang kovlab yer, qanotlarini qoqib qoʻyar, ammo uchishni xayoliga ham keltirmasdi.

Oradan yillar oʻtibdi. Kunlarning birida anchagina ulgʻaygan burgut osmonda parvoz qilayotgan magʻrur bir qushni koʻrib qolibdi. Uning qaddini erkin va raso tutgancha harakatlanishiga, ulkan qanotlarini goh-goh qoqib qoʻyib, shamollarni yorib oʻtishiga mahliyo boʻlib uzoq tikilib turibdi. Soʻngra ushbu manzaraga sehrlanib boqqancha:

– Kim bu? – deb soʻrabdi.

– Burgut – barcha qushlarning qiroli, – javob beribdi yonida turgan tovuq. – U samoga mansub. Biz, xonaki qushlar esa – yerga...

Shu tariqa, burgut uy parrandalari kabi yashabdi va ular kabi vafot etibdi. Chunki oʻzining ham shu nasldan ekaniga ishonardi.

Xuddi shunday, biz ham, odatda, oʻz atrofimizdagi odamlarga tobora oʻxshab boramiz. Shunday ekan, kim bilan muloqot qilayotganingizga ahamiyat qarating. Negaki, qanchalik isteʼdodli va nodir inson boʻlmang, istaysizmi-yoʻqmi, atrof-muhit baribir sizga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Yaqiningizdagi odamlarning taʼsir chegarasi sizning qobiliyatlaringiz roʻyobiga xalaqit qilishiga yoʻl qoʻymang.

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.