Bir kishi kun boʻyi ishlab, uyiga qaytardi. U gumbazlari yarqillab turgan shoh saroyi yonidan oʻtarkan, oʻzicha oʻyladi: “Eh, qaniydi, men ham qirol oilasida tugʻilganimda edi, hayotim ancha yengil kechardi...”

Soʻngra bir maromdagi bolgʻa zarbi va baqir-chaqir ovozlar eshitilayotgan shahar markazi tomon yoʻnaldi. U yerda ishchilar katta maydonda yangi bino qurish bilan band edi. Ulardan biri qoʻlida diplomat koʻtargan qahramonimizga koʻzi tushdi va xayolga berildi: “Attang, nega otamning aytganini qilib oʻqishga kirmadim-a, hozir ogʻir ishda qiynalib yurmasdim, kuni bilan bir idorada, salqin joyda oʻtirib ishlardim, hayotim ham osonroq boʻlardi...”

Bu paytda saroyning ulkan va yorugʻ oynasiga yaqinlashgan shoh maydonga nazar tashladi. U quruvchilarni, davlat xizmatchisini, sotuvchiyu xaridorlarni, bolalar va katta yoshli odamlarni havas bilan kuzatdi va xayolidan kechirdi: “Kun boʻyi ochiq havoda yurish, jismoniy mehnat bilan shugʻullanish yoki qaysidir idorada ishlash va hatto koʻcha bezorisi boʻlish, siyosat va boshqa murakkab masalalar haqida bosh qotirmaslik rohat bagʻishlasa kerak kishiga. Bu odamlarning hayoti naqadar oddiy va yengil. Qaniydi, men ham ular kabi koʻchalarni erkin kezsam, istagan ishim bilan shugʻullansam, qiziqishlarim izidan ketsam. Eh...”

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.