Kunlardan birida eshak juda chanqab, koʻl yoniga kelibdi. Biroq u yerda shoʻx-shodon oʻynoqilagan oʻrdak bolalari qanotlarini qoqib, suvni shaloplatgancha u yoqdan bu yoqqa suzayotganiga koʻzi tushibdi.
Eshak tashnalikdan qiynalayotgan boʻlsa-da, koʻldagi suvni ichmabdi va bir chetga oʻtib, kutib turibdi. Nihoyat, holdan toygan oʻrdakchalar qirgʻoqqa chiqib, oʻz yoʻlida davom etishibdi. Eshak koʻlga yaqinlashibdi, ammo suv hamon loyqa ekanini koʻrib, yana biroz sabr qilishga qaror qilibdi.
– Oyi, nega u suv ichmayapti? – soʻrabdi qiziquvchan qurbaqa bolasi oʻz onasidan. – U ikki marotaba koʻlga yaqinlashdi, lekin har safar chanqogʻini qondirmay, chetga oʻtib turibdi.
– Negaki, eshak chanqoqdan jon taslim qilsa qiladiki, ammo iflos suvni ichmaydi, – javob qilibdi ona qurbaqa. – Toki suv tozalanib, shaffof tusga kirgunga qadar sabr bilan kutadi.
– Voy, judayam qaysar ekan-a?
– Yoʻq, oʻgʻlim, u qaysar emas, chidamli, – tushuntirishda davom etibdi qurbaqa. – Eshak juda mehnatsevar, hamisha yelkasida ogʻir yukni ortib yuradi va koʻpgina qiyinchiliklarga dosh bera oladi. Sabr-bardoshi yetishmaganlargina unga «qaysar» deb baho beradi.
Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
