Yaqinda Xitoydagi Sian transport universiteti olimlari tomonidan gadjetlarga ishqibozlik hamda ogʻir ruhiy holat (depressiya) va bezovtalik hissi oʻrtasidagi bogʻliqlikka doir tadqiqot natijalari eʼlon qilindi. Unda yozilishicha, ushbu bogʻliqlik mavjud va yetarlicha jiddiy.
Tadqiqotchilar elektron uskunalardan foydalanishning uch koʻrinishi – televizor koʻrish, kompyuterda ishlash va kompyuterda oʻyin oʻynashga eʼtibor qaratishdi. Natijada elektron uskunalardan foydalanish hamda depressiya va bezovtalik alomatlari oʻrtasida jiddiy aloqa mavjudligini aniqlashdi. Chekish va spirtli ichimliklar isteʼmol qilish ham gadjetlarga ishqibozlik bilan bogʻliq. Olimlar ruhiy salomatlikni saqlash uchun ekranga tikilish vaqtini qisqartirishni tavsiya etishdi.
Shuningdek, olimlar muayyan genlardagi mutatsiyalar va elektron uskunalarga bogʻlanib qolish, zararli odatlar va ruhiy buzilishlar oʻrtasida uzviy aloqa borligini isbotlashdi. Maʼlum boʻlishicha, kuchli bezovtalik hissi va televizor koʻrishga ishtiyoq DCDC2 genidagi mutatsiyalar bilan bogʻliq boʻlib, u yozish paytida disleksiyaga va nutqni qayta ishlashga taʼsir qiladi. Depressiya va videooʻyinlarga moyillik esa FRMD4A geni bilan aloqador va nikotinga bogʻlanib qolish, Altsgeymer kasalligining avj olishiga taʼsir koʻrsatadi.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
