Achchiqlanish bizni nafaqat atrofdagi odamlarga oʻdagʻaylashga majbur qiladi, balki ichki, jismoniy holatimizda ham oʻz aksini topadi. Salbiy hissiyotlar joʻsh urganda, qaysi aʼzolar aziyat chekadi? Eʼtibor bilan oʻqing va shunga amal qiling.
Miya
Maʼlum boʻlishicha, gʻazablanish natijasida qonimiz qaynash oʻrniga ivir ekan. Garvarddagi sogʻliqni saqlash maktabida oʻtkazilgan tekshirishlarga koʻra, tomirda ivib qolgan qonlar keltirib chiqaradigan ishemik hujum xavfi gʻazab alangasidan bir necha soatdan keyin uch martaga oshar ekan.
Yurak
Tekshirishlar natijasiga koʻra, 2 soat davom etgan oʻz salbiy hissiyotlarini nazorat qilolmaslik holati infarkt xavfini 8,5 marta oshirar ekan. Shuningdek, koʻproq kelishmovchilik holatiga gʻazabli munosabat bildiruvchi kishilar yuqori qon bosimi, koʻkrak qafasidagi ogʻriq va boshqa yurak-qon tomir tizimi muammolari bilan bogʻliq kasalliklarga duchor boʻlishar ekan.
Teri
Yuzning jahldan qizarishi teri holatiga zarar yetkazadi. Oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, bunday holat terini atopik dermatit xurujigacha olib kelar ekan.
Oʻpka
Yuqori “qaynash darajasi” va gʻazabni boshidan kechirgan odamlar oʻpkasi zaif holatda boʻladi. Mutaxassislarning fikricha, gʻazab tufayli stress gormonlarining yuqori miqdori nafas yoʻllarining yalligʻlanishiga olib keladi.
Xulosa – har qanday, hatto eng qaltis vaziyatlarda ham, aql bilan suhbatlashishga harakat qiling va jahlning shaxsiy hayotingiz va sogʻligʻingizga ziyon yetkazishiga yoʻl qoʻymang. Oʻzingizni ehtiyot qiling, sogʻlingizni asrang!
M.AHADOV tayyorladi.
