Oramizda koʻpchilik ruhiy kechinmalari, asabiy holatiga jiddiy eʼtibor bermagan holda oʻz hayot yoʻlini davom ettirishga, ish-tashvish deb yugurishga koʻnikkan. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, qattiq siqilish, koʻngil gʻashligi, doimiy bezovtalik va boshqa psixik kechinmalar tanada turli dardlar yuzaga kelishiga sabab boʻladi. Negaki bu holatlar asab tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatib, immunitetni susaytiradi, organizmning mikrob va bakteriyalarga qarshi kurashish kuchini kamaytiradi. Shu tufayli stress holatlariga unchalik berilmaydigan yoki bu holatdan tez chiqib keta oladigan, asab tizimi sogʻlom kishilar kamdan-kam hollarda xastalanadi.
Ruhshunoslar kishi koʻnglidan kechayotgan his-hayajon, dard-alamning muayyan bir kasalliklarni keltirib chiqarishini koʻp bora taʼkidlashgan. Misol uchun, doimiy asabiy zoʻriqish natijasida surunkali bosh ogʻrigʻi kuzatiladi, qoʻrquv tufayli yurak faoliyati ishdan chiqadi, qahr va gʻazab hissidan jigar zarar koʻradi, ruhsizlik kayfiyati oshqozonga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Hislarni «ichga yutish» oʻta xavfli, bu revmatik artrit, oshqozon yarasi, surunkali bosh ogʻrigʻi, gipertoniya va boshqa noxush holatlar paydo boʻlishiga xizmat qiladi. Negaki organizm qalb va tana birligini tashkil qiladi. Bezovtalik, uyqusizlik, jizzakilik, oʻziga boʻlgan ishonchning yoʻqolishi, tez achchiqlanish hamda har narsaga beparvolik asab tizimi faoliyati buzilganidan darak beradi.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
