Dengiz boʻyida bir oila dam olar, farzandlar qumdan qasr yasashardi. Birdan bolalarning atrofida eski-tuski libosda, qoʻliga xaltali sumka ilib olgan qari ayol oʻralasha boshladi. U qum orasidan nimadir olib, xaltasiga solardi. «Bolalar, bu gadoy kampirga yaqinlashmang!» – deya baqirdi ona. Bu soʻzlarni eshitgan keksa ayol tabassum qildi va nari ketdi. Uning sumkasida esa bolalarni jarohatlamasin deb tergan shisha siniqlari bir-biriga urilib shiqirlardi.
* * *
Bugun, vanihoyat ikki yillik ayriliqdan soʻng rafiqam bilan munosabatlarni tiklashga erishdik va kechki taomni birga yeyishga qaror qildik. Koʻp baxtli onlarni xotirlab, 4 soat qanday oʻtib ketganini ham sezmay qolibmiz. Ketishdan oldin esa u qoʻlimga qalin bir konvert tutqazdi. Uning ichida shu ikki yil ichida yozilgan 20 dan ortiq maktublar jam boʻlgandi. Konvertning ustiga bejirim harflar bilan «Qaysarligim va gʻururim sabab joʻnatilmagan xatlar» degan soʻzlar bitilgandi.
* * *
Baʼzan insonlardan shu gaplarni eshitib qolamiz:
– Qachonlardir ortga nazar solib, aynan shu vaziyatni xotirlar ekansiz, beixtiyor kulib qoʻyasiz.
Men ulardan soʻrayman:
– Kutishga ne hojat?
Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
