Xalq bisotidan

Oʻgʻlining yoshlik davri bekorchi ishlar bilan behuda oʻtib ketayotganidan xavotirlangan ota kunlardan birida uni sayrga olib chiqdi. Havo ochiq, osmon musaffo, tiq etgan shamol sezilmasdi. Ular koʻl yoniga yaqinlashganda, ota oʻgʻliga yuzlandi:

– Atrof-tabiatning goʻzalligini qara. Qushlar, jonivorlar ovoziga quloq tut. Bir qarashda sokin tuyulsa-da, lekin bu yerda hayot qaynamoqda. Hamma narsa harakatda, oʻsish va rivojlanish jarayoni tobora jadallamoqda. Mana bu koʻl suvida osmon, quyosh va togʻlar aks etishiga eʼtibor qarat.

Keyin u koʻlga qoʻlini tiqdi va barmogʻiga ilashib chiqqan tomchilarni asta yerga tushirib, ulardan biriga diqqat bilan razm solishni soʻradi: unda ham butun manzara oʻz aksini topgandi.

– Hayot bilan ham xuddi shu holat yuz beradi, – davom etdi ota. – Bir daqiqa butun umrning barcha jihatlarini oʻz ichiga oladi. Bu makrokosm, butun oʻtgan kuning aksi, bir kun esa kechayotgan umr mikrokosmi hisoblanadi. Shu sababdan ham bu umrning har bir daqiqasini qadrlash va uni behuda sarflamaslik lozim.

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.