Keniya fuqarosi Kimani Maruge kambagʻal oilada voyaga yetgan va bolaligida maktabga borish imkoniyatiga ega boʻlmagani uchun savodsiz boʻlib qolgan. 2003 yilda sakkiz yillik bepul boshlangʻich taʼlim berilishi toʻgʻrisida qabul qilingan qonun uni bilim olishga daʼvat etdi.

Maruga 2004 yilda 84 yoshida 1-sinfga bordi. Keyinchalik barcha fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirayotgani uchun sinf sardori etib tayinlandi. 2005 yilning sentyabr oyida Kimani ilk marotaba samolyotga oʻtirib, Nyu-Yorkka yoʻl oldi. U yerda BMT tomonidan taʼlim sohasiga bagʻishlab oʻtkazilgan mingyillik sammitda ishtirok etib, bepul boshlangʻich taʼlimning ahamiyati borasida nutq soʻzlash sharafiga loyiq topildi.

Qahramonimiz 2007–2008 yillardagi tartibsizliklar vaqtida oʻz uyining talon-taroj etilishini boshdan kechirdi. Lekin qochqinlar lagerida yashashiga qaramay, shu yerdan 4 kilometr masofada joylashgan maktabga har kuni qatnashda davom etdi. Keyinchalik Maruge Qariyalar uyiga koʻchirildi, qiyinchilik va toʻsiqlarga uchradi, saraton xastaligi tufayli yotib qoldi, lekin shunda ham oʻz orzusi yoʻlidan ogʻmadi.

Tarixda eng keksa oʻquvchi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan Kimani Maruge, afsuski, boshlangʻich taʼlim toʻgʻrisida attestat olishiga ikki yil qolganida, yaʼni 90 yoshida vafot etdi. Shunga qaramay, u koʻpchilikning xotirasida ilhomi joʻsh urgan serzavq shaxs, «hech qachon kech emas» iborasini hayotga tatbiq etgan, hammani bilim olishga ruhlantirgan kishi sifatida qoldi.

2010 yilda Maruge hayotini hikoya qiluvchi «Birinchi sinf oʻquvchisi» badiiy filmi suratga olindi. Mazkur kinokartina 2011 yilda Emdendagi 22-xalqaro kinofestivalda taqdim etilib, ikkita mukofotga sazovor boʻldi. 

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.