Imzo oʻz egasining feʼl-atvori haqida soʻzlashi haqida eshitganmisiz!? Dastxat yoʻnalishi qayerga qaratilganiga diqqat bilan qarang. Yuqorigami, toʻgʻrigami yoki pastgami?
Agar imzoning oxiri yuqoriga qarab yoʻnaltirilgan boʻlsa, bu imzo egasi hayotga, kelajakka hamisha umid bilan qaraydi, boshlagan ishining muvaffaqiyatli chiqishiga ishonadi. U umidsizlik, tushkunlikni tezda yengadi. Hamisha oʻzida yangi kuch va gʻoya topa oladi. Bu toifadagi insonlar koʻproq badiiy ijodga moyil boʻladi.
Imzoning oxiri toʻgʻriga yoʻnalgan boʻlsa, shaxsda optimizm va pessimizm kayfiyatlari teng boʻladi. Ularga atrof-muhit kam taʼsir qiladi.
Agar imzoning oxirida pastga qarab hoshiya tortilsa, bu imzo egasi badiiy ijoddan uzoq, qatʼiyatsiz, birovning fikrini doimo tasdiqlaydigan shaxsdir. U sogʻligʻiga jiddiy eʼtibor qaratishi lozim.
Imzosini uzun qilib qoʻyadiganlar ogʻir-vazmin boʻlishadi, shoshmashosharlikni umuman yoqtirmaydi. Maqsadiga erishish uchun bor imkonini ishga soladi. Ularda doimo tanqidiy qarash alomati mavjud. Bundaylar buyrak va asab tizimining ish faoliyatiga jiddiy eʼtibor qaritishi zarur boʻladi.
Aksincha, qisqa imzo chekadiganlar shoshmashosharroq boʻlishadi, ishga yuzaki qarashadi. Vaziyatni oxirigacha oʻrganib chiqib, tahlil qilishga umuman sabri chidamaydi. Bu imzo egalari koʻpincha bir xil vazifani bajarsalar, toliqib qoladi. Ularni natija emas, balki vaqt qiziqtiradi. Ular suhbatdoshining vazmin odamlar boʻlishini yoqtirmaydi.
Tabiatan injiq va atrof-muhitga talabchan insonlarning imzosidagi bosh harf keyingi harflardan kattaligi bilan sezilarli darajada ajralib turadi.
Oilada tejamkor va aqlli insonlar kichik harflar bilan imzo chekadi. Agar imzodagi harflar haddan ziyod kichik boʻlsa, bu xudbinlik va baxillik hissidan darak beradi.
Yirik harflar bilan (yosh bolalardek, bosib) imzo qoʻyadigan insonlar xayolparast, sodda, ishonuvchan boʻladi.
Burama, gajakdor harflar bilan imzo chekadiganlar koʻngilchan, xotirjam insonlar hisoblanadi. Aksincha, tik uchli harflar va chiziqlar bilan imzo qoʻyadiganlar oʻjar, faqat oʻz fikrini tasdiqlaydigan, oʻzini sevadigan insondir.
Agar imzolarning harflari bir-biri bilan bogʻlanib ketsa, ularning sohiblari mantiqan fikrlaydigan va doimo hamma narsaga tanqidiy qaraydigan insonlardir.
Dunyoqarashi sustroq, sayozroq insonlarning imzosida uzilish alomatlari boʻladi.
Haddan ziyod koʻp uzilishlar bilan imzo chekadiganlar orzuga beriluvchan, odamlarni oʻziga qaratishga harakat qiladigan va ularda kuchli taassurot qoldirishni xohlaydigan insonlardir.
Imzolardagi harflar ishonch bilan (bosib) qoʻyilsa, bu toifa insonlarning oʻziga ishonchi va qatʼiyati kuchlidir. Buning aksi boʻlgan imzo egalarining oʻziga ishonchi biroz sustroq boʻladi.
Mahliyo XOLOVA tayyorladi.
