Bilik qoʻygan yaxshi

Bilim olish bosh miya uchun foydali. Oʻqimishli kishilar kamdan-kam hollarda bosh miya bilan bogʻliq kasalliklarga uchraydi. Miyani murakkab vazifalarni yechish uchun zoʻriqtirib, shu orqali uni qoʻshimcha toʻqimalar ishlab chiqishga koʻniktiramiz.

Inson bosh miyasining eng faol davri 2 yoshdan 11 yoshgacha. Bu vaqtda u kelgusi hayotga qaraganda koʻproq bilimni oʻzlashtirishga qodir. Har qanday bola bir nechta xorijiy tilni osongina oʻrganishi mumkin. Kattalar esa hatto boshqa davlatga koʻchib oʻtib, oʻsha muhitga shoʻngʻib ketsa ham, ikkinchi tilni oʻrganishga qiynaladi.

Sport bilan shugʻullanish bosh miya faoliyatiga ijobiy taʼsir qiladi. Faol hayot tarzi olib boradigan odamlarda bosh miya kasalliklari nisbatan kam uchraydi. Chunki jismoniy mashqlar organizmda qon aylanishini yaxshilaydi. Natijada miya kapillyarlari kislorod va glyukoza bilan faol boyitib turiladi.

Miya charchamaydi. Har kuni inson xayoliga 70 mingga yaqin fikr keladi. Aqliy mehnat miyani charchatishga qodir emas. Muammoni hal qilish borasida qancha uzoq oʻylamang, miya istalgan pallada bir xilda ishlaydi. Biz shunchaki oʻz hissiy holatimizni miya charchogʻi bilan aralashtirib yuboramiz.

Qancha koʻp suv ichsak, bosh miya shunchalik yaxshi ishlaydi. Inson tanasining 80 foizini suv tashkil qiladi. Nafaqat miya, balki butun organizmning toʻgʻri ishlashi uchun yetarli miqdorda toza suv qabul qilish muhimdir.

Miya insonning boshqa organlariga qaraganda koʻproq energiya talab qiladi. Tana hajmining atigi 2 foizini egallagan bosh miya butun quvvatning qariyb 20 foizini isteʼmol qiladi. Shuningdek, u kislorod yetishmasligiga ham taʼsirchan. Miya faoliyati uchun oldini olib boʻlmas oqibat kislorod yoʻqligining oʻninchi daqiqasidan soʻng sodir boʻladi.

Bosh miya hech qachon uxlamaydi. U kunning istalgan vaqtida, kechayu kunduz ishlaydi.

Miya harorati uyqu davomiyligiga bogʻliq. Uyqu yetishmasligi oqibatida uning harorati koʻtariladi. Esnash tananing himoya funktsiyasi boʻlib, odam esnaganda bosh miyani sovitish jarayoni amalga oshiriladi.

Miya ogʻriq sezmaydi. Unda ogʻriq retseptorlari mavjud emas. Bosh miya bilan bogʻliq jarrohlik amaliyotlarini hatto narkoz taʼsirisiz ham amalga oshirish mumkin. Bunga shunchaki bemorning xavfsizligi uchun yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.