Bir donishmandning huzuriga kelgan jangchi debdi:
– Ustoz, men endi yosh emasman, koʻp vaqtimni jang maydonlarida oʻtkazdim va istalgan kunlarning birida vafot etishim mumkinligini bilaman. Lekin bir narsa meni qiziqtiradi: ayting-chi, jannat va doʻzax eshiklari qanday ochiladi?
Qariya jangchiga qarab qoʻydi, koʻzlarini biroz qisdi, keyin kulib yubordi:
– Nahot, sen jangchi boʻlsang? Hech ishonmayman-da! Sendek nimjon va boʻshashgan odam otga minishni ham eplay olmasa kerak!
Jangchining koʻzlarida qahr oʻti chaqnabdi. U qilichini chiqarib, donishmandning boshi uzra dast koʻtaribdi. Ammo donishmand bundan hech choʻchimabdi va xotirjamlik bilan debdi:
– Doʻzaxning eshiklari mana shunday ochiladi!
Jangchi axmoqlik qilib qoʻyganini tushunib, qilichini qiniga solibdi va uzr soʻray boshlabdi:
– Meni kechiring, ustoz, qizishib ketdim. Sizning dono amalingizni darrov fahmlay olmabman.
Shunda donishmand:
– Jannat eshiklari esa mana shunday ochiladi, – debdi.
Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
