Ibratli hikoyatlar

Bir kuni podshoh dengiz sayohatiga chiqdi. Uning hali dengizga chiqib koʻrmagan va yoʻl azobini tortmagan bir quli ham bor edi. Kema suvga tushirilib, toʻlqinlar ichra harakatlana boshlaganida, qulni vahima va qoʻrquv qamrab oldi. Oʻz-oʻzidan qaltirab, yigʻlay boshladi. Atrofdagilar uni tinchlantirishga qancha urinishmasin, qulning vahimasi sira ham bosilmadi. Buni koʻrgan podshohning ham kayfiyati ancha buzildi. Lekin, chorasi topilmasdi. Kemada bir dono qariya bor edi. Shunda u shohga qarab:

– Sultonim amr etsalar, shu qulni oʻzim tinchlantirsam… – dedi.

– Bizga katta yaxshilik qilgan boʻlardingiz, – dedi podshoh.

Qariya darhol: “Beliga arqon bogʻlab, dengizga uloqtiring”, – deya kemadagilarga amr qildi. Qariya aytganidek qilishdi. Uni bir necha marotaba dengizga shoʻngʻitib olishdi. Qul ogʻzi burnigacha suvga botib tipirchilay boshladi. Maʼlum muddat bu holat takrorlangach, qariya mashgʻulotni toʻxtatdi. Ichlari suvdan toʻlgan qul kemaga chiqarildi. Ichgan shoʻr suvlarini chiqarib olganlaridan soʻng, hushiga keldi va kemaning bir chetiga borib oʻtirdi. Va nihoyat qul tinchlandi. Endi u vahimaga tushib baqirmas va yigʻlab hammani parishonxotir qilmas edi. Qariyaning tutgan dono tadbiridan podshoh mamnun holda soʻradi:

– Bunda qanday hikmat bor edi?

Qariya javob qildi:

– Qulingiz dengizga chiqmaganligi bois uning qiyinchiligi va choʻkish azobini tortmagan edi. Shu sababdan kemadagi sokinlik qadrini bilmadi. Xuddi shunday, sogʻliqning qadriga bemor odam yetadi.

“Guliston”dan Kavsar Shodiyeva tarjimasi