Kengurular yurti dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda huquq-tartibotni saqlash uchun politsiya xodimlari, sheriflar, sud ijrochilari va boshqa mutasaddi idoralar xodimlari masʼul.
Avstraliya politsiyasi 1979-yilda bir qator turdosh idoralarning birlashishi natijasida tashkil topgan. Mamlakatda politsiya ikki darajada ishlaydi: federal va shtat politsiyasi. Shunga koʻra, birinchisi federal qonunchilikka, ikkinchisi shtatlar va hududlarda tartib hamda qonunchilikka rioya etilishini nazorat qiladi.
Federal jinoyat politsiyasi agentlari maxsus jinoyatlarni tergov qiladi. Ushbu jinoyatlarga yirik firibgarliklar, kontrabanda, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi, uyushgan va xalqaro jinoyatchilik, terrorizm kabilar kiradi. Bundan tashqari, davlat politsiyasi yoʻl harakati qoidalariga rioya qilinishini taʼminlaydi, transportda huquq-tartibotni muhofaza qiladi, suv ustida qonuniylikni saqlaydi, terrorizmga qarshi kurashadi, qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshiradi, jinoyatlarni fosh etadi, jamoat tartibini saqlaydi. Eʼtiborlisi, har bir shtat politsiyasining alohida oʻz xizmat libosi va nishoni bor.
Avstraliyada politsiya taʼlim muassasasiga kirishni istovchilar mamlakat fuqarosi va oʻrta maʼlumotli boʻlish kerak. Boʻlajak kursant har qanday avtomobilni boshqara olishi, puxta jismoniy tayyorgarlikka va mustahkam sogʻliqqa ega boʻlishi lozim. Federal politsiya oʻquv yurtiga kirishda psixologik testdan oʻtish va birinchi yordam koʻrsatish guvohnomasi boʻlishi shart. Oʻqish kursi 13 haftadan 24 haftagacha davom etadi.
Politsiya oʻquv yurti bitiruvchisiga darhol diplom berilmaydi. U qasamyod qilgach, sinov muddatini oʻtaydi. Sinov davri esa qaysi shtatda xizmat qilishiga qarab bir yildan bir yarim yilgacha davom etishi mumkin. Bu davrda bitiruvchi oddiy patrul vazifasida faoliyat yuritadi. Sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan taqdirdagina, yosh xodimga jamoat tartibini muhofaza qilish sohasida faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi diplom beriladi. Avstraliya politsiyasi konstebl, serjant, tekshiruvchi, komandir, tuman komissari kabi bir qancha darajalarni oʻz ichiga oladi.
Abdurahmon
MUSTAFOQULOV
tayyorladi.
