Hayot yoʻlidagi har qanday boshi berk koʻchadan chiqishga yordam beradigan ikki oddiy haqiqat mavjud. Ushbu yoʻldan borar ekansiz, quyidagi ikki yondashuvni yaxshilab eslab qoling. Keyinchalik har qanday vaziyatni ushbu prizma orqali koʻrishingiz mumkin boʻladi. Donishmandlarning fikricha, koinot aynan shunday ishlaydi.

Birinchi haqiqatga koʻra, hayotingizda biror muammo yuzaga kelgan boʻlsa, u holda sizda uni hal qilish uchun resurs ham bor. Tabiiyki, siz muammoni qabul qilish bilan birga uning yechimiga ham ega ekaningizni haqiqat sifatida qabul qilsangiz. Bunda bezovtalik va ikkilanishga sarflanadigan quvvat tejaladi.

Muammo nima? Muammo baxtli yashashga halaqit qiladigan toʻsiq. Toʻsiq nima? Bu hayotiy kuchingiz oqimini toʻxtatib qoladigan allaqanday voqea, energiya yoki fikrdir. Toʻsiq bor joyda, tiqilish yuzaga keladi. Tanada kasallik yoki organizmda noxush hislar shakllanadi. Agar buni oʻzgartirishga qaror qilgan boʻlsangiz, albatta, oʻzgartira olasiz. Ertami-kechmi, u yoki bu tarzdami, buni oʻzgartirish uchun sizda kuch yetarli. Bu birinchi haqiqat edi.

Ikkinchisi esa shunday yangraydi: eʼtiborni nimaga yoʻnaltirsak, oʻsha narsa mustahkamlanadi. Muammodan xalos boʻlishni xohlagan holda bu haqda juda koʻp oʻylaymiz. Shu tariqa, kuch-quvvatni muammoga yoʻnaltiramiz. Shu sababdan muammo yuzaga kelganda boshqacha yoʻl tuting. Ushbu muammoni qarshisida turib, u boʻlmaganda qanday yashashni istashingizni qayd eting. Bu muammo mavjud boʻlmasa, qanday boʻlishni xohlar edingiz? Agar bu masala, bu qiyin vaziyat, yaqinlar bilan munosabatda kuzatiladigan bunday qiyinchilik boʻlmasa, oʻzingizni qanday tasavvur qilgan boʻlardingiz...

Nimadan xalos boʻlishni emas, balki nimani xohlashingizni oʻylang. Muammoni ijobiy tarzda qayta koʻrib chiqing: «Men hayotimda mana buni rivojlantirib, buni kengaytirmoqchiman...» Agar har qanday muammoni uning oʻrniga nimaga ega boʻlishni xohlashingizga qarab koʻrib chiqsangiz, unda ushbu qiyin vaziyatdan chiqishning qancha turli yoʻllari mavjudligiga oʻzingiz guvoh boʻlasiz.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.