(3 oktyabrdan 9 oktyabrgacha)

Qoʻy. Bu davrda hamkasblar bilan munozaralar chogʻida nizoga bormagan maʼqul. Bu borada yon berish keyinchalik oʻz ijobiy natijasini beradi. Yaqin insonlar bilan yanada diqqatli munosabatda boʻling, ehtimol, ularga yordamingiz kerakdir. Dam olish kunlarini tabiat qoʻynida oʻtkazish salomatligingiz uchun juda foydalidir.   

Buzoq. Hafta yakunigacha toʻplanib qolgan barcha ishlarni hal etishga harakat qiling. Vaqt oʻtishi bilan ularni bajarish qiyinchilik tugʻdirishi mumkin. Oʻzingiz uchun vaqt ajrating, masalan, oqshomlari sayrga chiqing, dam olish kunlari maroqli hordiq chiqaring. Oilaviy shahar ortiga chiqish yoki kichik bir sayohat uyushtirish mumkin.

Egizaklar. Qancha koʻp mehnat qilsangiz, hamkasblar orasida shuncha koʻp hurmat va eʼtiborga sazovor boʻlasiz. Ertalab ishga vaqtliroq kelish yoki kechqurun kechroq ketishdan choʻchimang – barcha saʼy-harakatlaringiz mukofotini olasiz. Biroq bu davrda oila aʼzolaringizni ham unutib qoʻymang. Haftaning soʻnggi kunlarida sevimli va unumdor tomorqangizga mehr bering.

Qisqichbaqa. Kutilmagan daromad hayotdagi ehtimoliy oʻzgarishlarni yengil boshdan kechirishga yordam beradi. Ulardan aslo choʻchimang: kerakli burchak ostidan qaralganda bu oʻzgarishlar ayni muddao boʻlganini tushunib yetasiz. Boʻsh vaqtlaringizni doʻstlarga bagʻishlang. Ulardan baʼzilarining hayotida ogʻir davr kechayotgan boʻlishi va bunda faqat sizning yordamingiz tegishi mumkin.

Arslon. Soʻnggi davrda oʻzingizga juda kam vaqt ajratyapsiz. Salomatlik va tashqi koʻrinishga jiddiy eʼtibor qarating, shunda koʻtarinki kayfiyatga ham ega boʻlasiz. Bu haftada yirik pul aylanmalari bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirish tavsiya etilmaydi. Aksincha, ayni damda mablagʻ sarflash emas, pul yigʻish lozim boʻladi. 

Parizod. Yechimini ortga surib yurgan muammolarni hal etish uchun qulay davr. Ularni osonlikcha amalga oshirish uchun yaqinlaringizdan yordam soʻrang. Bu orada uyqu va dam olish tartibiga rioya qilishni unutmang. Kutilayotgan haftada moliyaviy tushumlar kuzatiladi, shuning uchun koʻpdan beri orzu qilgan narsalarni bemalol xarid qilishingiz mumkin. Dam olish kunlarini esa uyda, oila aʼzolari davrasida oʻtkazgan maʼqul.

Tarozi. Bu hafta katta daromadni vaʼda qilmoqda. Yaxshigina pul ishlab olish taklifi kelib tushsa, bunday imkoniyatdan foydalanib qoling. Yaqinlar bilan munosabatda odatdagidan muloyimroq va mehribon boʻling. Ularga ayni damda sizning qoʻllab-quvvatlashingiz juda zarur. 

Chayon. Ijodiy shijoat boshingiz bilan ishga shoʻngʻishga majbur etishi mumkin. Nimanidir qoʻl mehnati yordamida bajarish zarur boʻlsa, buni hech ikkilanmay, albatta, amalga oshiring. Aynan hozir toʻgʻri qaror qabul qilish uchun qulay davrdir. Daromad kelishi aniq boʻlsa-da, pullarni behuda sarflashdan qoching.

Oʻqotar. Ushbu hafta davomida doʻstlar va oila aʼzolari oʻrtasida tanlov qilishga toʻgʻri keladi. Bu borada imkon qadar xushmuomala va shu bilan birga qatʼiy boʻling. Tabiiyki, tanlov yaqinlaringiz foydasiga boʻlishi zarur. Ota-onalar oʻz farzandlarining soʻzlari va xohish-istaklariga quloq solgani maʼqul. Shu yoʻl bilan koʻngilsizlikning oldini olish yoki vaqtida maslahat berish mumkin boʻladi.

Togʻ echkisi. Baxt hotirjamlikni yaxshi koʻradi, shu sababdan atrofdagilarga oʻz yutuqlaringizni oshkor qilavermang. Janjallashgan yoki arazlashgan insonlar bilan yarashish uchun oʻzingizda kuch toping. Kelib tushishi kutilayotgan daromad oʻzgaruvchan kayfiyatga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Dam olish kunlarini sokin muhitda va toza havoda oʻtkazishga harakat qiling. 

Qovgʻa. Hayotda hamon yolgʻiz boʻlsangiz, boʻlgʻusi taqdir yoʻldoshingiz bilan uchrashuvga tayyor turing. Ish joyingizda fikr-mulohaza bildirishdan oldin, yaxshilab oʻylab koʻring. Har qanday notoʻgʻri soʻz kelgusida sizga qarshi ishlatilishi mumkin. Bu davrda salomatlikka jiddiy eʼtibor qaratib, jismoniy harakatlar meʼyorini orttirib yubormang. 

Baliq. Bu hafta davomida kuzatilishi ehtimoli yuqori boʻlgan koʻngilsizliklar sizda kimnidir tanqid qilish yoki nooʻrin soʻz bilan koʻnglini ogʻritish istagini uygʻotishi mumkin. Oʻzingizni qoʻlga olib, aql bilan ish yuriting. Ruhiy muvozanatni saqlashga harakat qiling, bu sizga atrofdagilar bilan toʻgʻri muomala qilishga yordam beradi.