Xalq bisotidan

Bir kuni kar, soqov va soʻqir:

– Ey, xudo, bizni soppa-sogʻ qilib yaratganding, nega endi vaqt oʻtib, bu baxtsizlikni ravo koʻrding, – deb nola qilibdi.

– Senga, – debdi Yaratgan karga qarab, – bu kamchilik oʻzingdan boshqa hech kimni tinglashni istamaganing uchun nasib qilgan. Endi sen hech kimni eshitmaysan va bundan keyin faqat oʻz fikr-oʻylaringga bemalol quloq tutishga hech kim xalaqit qilmaydi.

– Sen, – deya murojaat qilibdi u koʻrga, – oʻzing va oʻz ehtiyojingdan boshqa hech kimni va hech narsani koʻrishni istamasding. Endi esa koʻrishni xohlamagan narsalarni koʻrish uchun kuch sarflab oʻtirmaysan.

– Senga esa, – deya davom etibdi u soqovga qarab, – jim turish imkoniyati berildi, chunki hech kimga quloq solmay, gap bermay qoʻyganding. Shunday qilib, hammangiz istagan maqsadingizga erishdingiz. Nega endi quvonish oʻrniga, gʻamga botib oʻtiribsiz?

Baxtiqarolar javob bera olishmabdi. Ularning hech biri oʻzi uchun baxt boʻlib koʻringan jihat dard-alamga sabab boʻlishini taxmin qilmagandi.

Shuni unutmaslik kerakki, insonga quloq tinglash va eshitish uchun, koʻzlar koʻrish uchun, til esa muloqot qilish va boshqa odamlarning nutqi orqali uni tushunish uchun berilgan. Shunday ekan, hayotda tuhfa etilgan barcha neʼmatlarning qadriga yetish, ulardan oʻrinli foydalanish va oʻz manfaatini ustun qoʻyishdek odatlardan voz kechish muhimdir.

Rus tilidan

Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.