Bir yigit buvasiga arzi hol qildi:

– Hayot ziddiyatlarga toʻla. Sizning esa doim kayfiyatingiz chogʻ. Xafa boʻlganingizni, birovdan ranjiganingizni koʻrmayman. Sizga oʻxshashga shuncha harakat qilsam ham, uddasidan chiqa olmayapman.

Oqsoqol bir zum oʻylanib, soʻngra dedi:

– Kelishib olaylik, har safar kimdandir yo nimadandir norozi boʻlganingda menga bitta tosh olib kelasan.

– Qanaqa tosh?

– Farqi yoʻq. Istaganingni koʻtarib kelaver.

Yigit «buvam oʻzini shunday ovutar ekan-da», deb oʻyladi-yu, uning gapini ikki qilgisi kelmadi va shartni bajarishga rozi boʻldi.

Kunlardan birida qariya nabirasini chaqirib, xona burchagida turgan ogʻzi bogʻliq qopga ishora qildi:

– Anavini koʻtarib koʻr-chi.

Yigit qopni yelkasiga ortmoqladi. Oʻziyam ogʻirgina ekan, bukchayib qoldi.

– Qayerga olib borish kerak? – soʻradi zoʻrgʻa nafas olib.

– Hech qayerga, oʻzing bilan olib yurasan. Oʻtirsang ham, tursang ham zinhor yelkangdan qoʻyma.

Yigit qariyaning gapini tushunmay bir muddat kalovlanib turdi-da, keyin qopni yelkasidan tashlab yubordi. Ichini ochib qarasa, oʻsha oʻzi yigʻib kelgan katta-kichik, qingʻir-qiyshiq toshlar.

– Shuyam hazil boʻldimi, buva! Bu zilday matohni koʻtarib yurishning kimga keragi bor?! – dedi yigit ranjigan ohangda.

Qariya mehr bilan nabirasining yelkasini siladi.

– Toʻgʻri aytasan, bolam, bu yukning hech kimga keragi yoʻq. Ranj-alamga toʻla koʻngilning ham ana shu qopdan farqi boʻlmaydi. Xotirada saqlanib qolgan dilxiralik foydasiz yuk misoli, kishini ezib tashlaydi, qaddini bukadi, bora-bora qalbini gʻuborga toʻldiradi. Uni orqaga tashlab yaxshi qilding.

Feruza RAHMONQULOVA tayyorladi.