Baʼzan inson ovqatlanish paytida yetarlicha toʻymaganligini his etib, meʼyoridan ortiq tanovul qiladi, bu esa ortiqcha vazn toʻplanishiga olib keladi. Shuni unutmaslik kerakki, toʻyish hissi har doim ham ovqat miqdoriga bogʻliq boʻlmaydi. Faqat isteʼmoldagi mahsulotlarda qanday ozuqaviy moddalar mavjudligini baholabgina, nega tamaddidan soʻng ochlik yoki toʻymaganlik hissi qolishini aniqlash mumkin. Bunda yegulik kuchining organizm tomonidan qanchalik tez sarflanishi ham oʻta muhim. Taomnomangiz asosini vitaminga boy ozuqaviy tolalar, oqsillar, «sogʻlom» yogʻlar kabi muhim uchlik tashkil qilishiga ahamiyat qarating. Ular nafaqat uzoq vaqt toʻq yurishga yordam beradi, balki organizmni barcha kerakli ozuqaviy moddalar bilan taʼminlab, tanada ortiqcha kilogrammlar yigʻilishiga yoʻl qoʻymaydi.
Kuniga 4-5 marta oz-ozdan tamaddi qilishni va 8-10 stakan suyuqlik qabul qilishni odat tusiga kiriting. Ovqat mahalini oʻtkazib yuborish keyin ortiqcha miqdorda taom isteʼmoliga sabab boʻladi. Shu sababdan ichish yoki yeyish istagini anglashda adashmaslik uchun organizmni tez-tez suv bilan taʼminlash, taom isteʼmolini esa kun davomida teng taqsimlash maqsadga muvofiq.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
