Aqshning Belmont okrugidagi maktablardan birida tahsil olayotgan oʻquvchi ota-onasiga bir xat keltirdi. Oʻqituvchilardan turli eslatma, oʻquv darsliklari, yoz taʼtili uchun adabiyotlar roʻyxatini olishga koʻnikkan ona ushbu maktubni oʻqib, qattiq taʼsirlandi.

Taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan tajriba sifatida qoʻllanilgan mazkur uslub va goʻyoki bolaning tilidan oʻz ota-onasiga murojaat koʻrinishida oʻylab topilgan eslatma unga juda maʼqul keldi. Ona ushbu murojaatni internet sahifalariga joyladi va uning butun dunyo boʻylab farzand tarbiya qilayotgan kattalar uchun yoʻriqnoma boʻlishi lozimligini taʼkidlab oʻtdi. Hammada katta qiziqish uygʻotgan bu eslatma quyidagi mazmunda edi:

1. Men bilan dangal va ochiq-oydin gaplashishdan choʻchimang.

2. Feʼl-atvorimda salbiy xislatlar shakllanishiga yoʻl qoʻymang: chunki keyin ulardan qutulishim qiyin kechadi.

3. Mening fikrim ahamiyatsiz ekanini his ettirmang, bu oʻzimni yanada yomon tutishimga sabab boʻladi.

4. Koʻpchilikning oldida meni izza qilib, uyaltirmang: xotirjamlik bilan yuzma-yuz tushuntirilgan tanbeh va nasihat men uchun undan kuchliroq taʼsirga ega.

5. Meni har doim xatti-harakatlarim oqibatidan himoya qilmang: chunki har bir ishning, yaxshimi-yomonmi, oqibati boʻlishini oʻzim anglab yetishim kerak.

6. Hamma narsani yuz marotaba takrorlamang, aks holda oʻzimni eshitmayotganga olish odati yuzaga kelishi mumkin.

7. Hali ichimdagi his va kechinmalarni har doim ham tilimga chiqara olmasligimni unutmang.

8. Jahlingiz chiqib turganida haqiqatni soʻzlashimni talab qilmang, chunki bu paytda qoʻrquvdan nogoh yolgʻon gapirib qoʻyishim mumkin.

9. Fikringiz va xatti-harakatlaringiz oʻzgaruvchan boʻlmasin, bu shakllanayotgan feʼl-atvorimga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

10. Va nihoyat oxirgisi: shuni yodda saqlang, agar oʻz uyimda juda-juda kuchli mehr koʻrmasam, kelajakda baxtli inson boʻlib voyaga yetishim qiyin.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.