Kunlardan birida oʻzim juda hurmat qiladigan oqil bir tanishimdan soʻradim:
– Nima uchun yaqinlarimiz qarigan chogʻida toqat qilib boʻlmas feʼl-atvorga ega boʻlib qolishadi? Axir, aynan ularning qilgan ishi va gap-soʻzlari qalbimizga juda ogʻir botadi. Ular esa buni bila turib, bizni ruhan qiynashda davom etishadi. Buyam yetmagandek, azob chekayotganimizni koʻrib, bundan alohida huzur olishadi.
Shunda u menga javob qaytardi:
– Bilasanmi, inson hayoti davomida ikki karra oʻtish davrini boshidan kechirib, yaqin kishilari uchun «feʼli ogʻir» odamga aylanadi. Yoshlikda mustaqil hayotga qadam bosish oldidan baʼzi oʻsmirlarning tabiati salbiy tarafga oʻzgaradi. Ota-ona esa farzandining har qanday nomaqbul xatti-harakatiga chidab, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga, oʻrinli nasihat va maslahat berishga harakat qiladi. Qariganda yaqinlarimizning koʻngli nozik va jizzaki boʻlib qolishiga sabab ikkinchi oʻtish davri boʻlib, bu paytda ular bizni vidolashuvga tayyorlaydi. Koʻpgina keksalarning nazarida, qadrli inson bilan soʻnggi yillar qanchalik azobli boʻlsa, xayrlashuv ham shuncha oson kechadi. Shuni inobatga olgan holda, bu davrda qariyalarni tushunishga va hurmat qilishga harakat qilishimiz, ular oʻsmirlik yillarimizda bizga qanchalik mehr va sabr-toqat bilan muomala qilgan boʻlsa, biz ham oʻz burchimizni munosib tarzda ado etishimiz lozim.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
