Mojoptix blogining muallifi, Julldozer taxallusi bilan faoliyat yurituvchi frantsiyalik 3D ishqibozi butun dunyoga oʻzining «raqamli quyosh soatlari» loyihasini namoyish etdi. Bu moslama quyosh soatlari uchun anʼanaviy boʻlgan sxema boʻyicha ishlaydi: uni oftob nurlari ostiga joylashtirib, shimol tarafga qaratib qoʻyish kifoya. Elektr quvvatiga hojat yoʻq, shunchaki fizika hamda dohiyona, aniq hisob-kitob. 

Soatning qiziqarli xususiyati shundan iboratki, maxsus oʻyilgan boʻlmachalar orqali uning soyasida quyoshning harakatiga muvofiq ravishda oddiy raqamlar koʻrinishidagi vaqt koʻrsatkichi namoyon boʻladi. Maxsus teshikchalar konfiguratsiyasi muallif tomonidan sinchkovlik bilan hisob-kitob qilingan va 3D loyihasi shaklida yaratilgan boʻlib, uni hamma yuklab olishi va quyma shaklda bosib chiqarishi mumkin. 

Muallifning taʼkidlashicha, bunday moslamani faqatgina 3D-printer yordamida tayyorlash imkoniyati mavjud, chunki ichki boʻlmacha va teshikchalarning tuzilishi juda murakkab boʻlib, uning quyma shaklini standart usullarda amalga oshirib boʻlmaydi. 

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.