Xalq bisotidan

Ota qiziga murojaat qilibdi:

– Mana, oʻqishni ham aʼlo baholarga bitirib, ajoyib kasb egasi boʻlding. Shu munosabat bilan senga uzoq yillar oldin xarid qilgan mashinamni topshiraman. Biron ishga joylashishdan oldin uni eski avtomobillar bozoriga olib borib sotishingni istayman.

Mashinani bozordan qaytarib olib kelgan qiz otasiga:

– Juda eski deb narxini tushirib, uning uchun atigi 1000 dollar taklif qilishdi, – debdi.

– U holda endi lombardga olib bor, – deya taklif bildiribdi ota.

Bir muddatdan soʻng ortiga qaytgan qiz avtomobilni bor-yoʻgʻi 500 dollarga baholashganini aytibdi. Ota bu safar mashinani avtoklubga olib borib koʻrsatishni buyuribdi.

Bir necha soatdan soʻng uyga koʻtarinki kayfiyatda kelgan qiz debdi:

– Baʼzi insonlar uning uchun hatto 100 000 dollar berishini aytishdi. Ushbu nodir avtomobilni izlab yurganlar juda koʻp ekan, – deb shodlikdan sakrabdi.

Ota esa yuzida tabassum bilan dedi:

– Barakalla, qizim. Hayotda ham shu tajribani qoʻllashingni istardim. Unutma, toʻgʻri joyda, albatta, qadringga yetishadi. Agar tajriba, malaka va saʼy-harakatlaringga qaramay, qadring yerga urilayotgan boʻlsa – ranjima. Bu boʻlishing kerak boʻlmagan joyda ekaningni va bu yerni darhol tark etishing lozimligini bildiradi. Hamma vaqt faqat qadringni bilganlar orasida boʻl!

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.