Palming nima va uning koʻzlar uchun foydasi qanday? Bu aslida oddiy mashq boʻlib, koʻz zoʻriqishini yengillashtiradi va uni sokinlashtiradi.

Bu mashqdan keyin koʻrish qobiliyati yaxshilanadi. Lekin ijobiy natijalarga erishish va koʻz nurini tiklash uchun vaqt va bardosh talab qilinadi.

Palmingni amalga oshirish uchun qoʻllarni sovun bilan tozalab yuving. Soʻngra oʻrindiqda qulay oʻtirib, tizza ustiga yostiqni joylashtiring va unga tirsaklarni qoʻying. Bu mashqni stol ustiga tirsaklarni qoʻygan holda ham bajarish mumkin, lekin bunda bosh orqaga egilgan boʻlmasligi kerak.

Bir necha daqiqa davomida ikki qoʻl kaftini bir-biriga ishqalab qizdiring. Keyin bir qoʻlning barmoqlari ustiga ikkinchisini joylagan holda qaynoq kaftlarni koʻzlar ustiga yengil bosing. Barmoqlar orasidan yorugʻlik tushmasin. Shu holatda 3-5 daqiqa oʻtiring. Keyin qoʻllarni yonga ochgan holda atrofga diqqat bilan razm soling. Narsalar mashqdan oldingidan koʻra tiniqroq koʻringaniga guvoh boʻlasiz.

Palming samarasi uni kuniga 2-3 marta bajarganda yanada kuchli boʻladi. Imkon qadar bu mashqni ovqatlanish oldidan amalga oshirgan maʼqul. Palming vaqtida esa chiroyli manzaralarni koʻz oldingizga keltiring.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.