Xorij tajribasi

AQSHda korrupsiyaga qarshi qonunlar qatʼiy. Ushbu jinoyatlar uchun qonunchilikda qattiq jazolar koʻzda tutilgan. Masalan, pora olgan yoki birovning noqonuniy bitimiga yordam berib, daromadiga sherik boʻlgan shaxs poraning uch baravari miqdorida jarima toʻlaydi yoki 15 yilga qamaladi. Baʼzan har ikkala jazo turi birvarakayiga qoʻllaniladi. Bunday jinoyat ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, aybdor 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. 

Birovni federal davlat xizmatiga joylashtirish uchun pul yoki moddiy qimmatliklar tama qilish ham korrupsiyaning bir koʻrinishi hisoblanadi. Bunday qilmish uchun bir yil qamoq yoki talab qilingan yoxud olingan pul miqdorida jarima nazarda tutilgan. Sudya har ikkkala jazoni birdaniga tayinlashi ham mumkin. 

Ushbu mamlakatda mansabdor shaxslarga daxlsizlik huquqi, yaʼni immunitet deyarli taqdim etilmaydi. Har qanday mansabdor shaxs, hatto kongressmenlar, senatorlar ham jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Faqat avval belgilangan tartibda lavozimidan chetlatiladi. 

Korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish uchun profilaktik usullardan samarali foydalaniladi. Maʼmuriy axloq-odob normalari shular jumlasidandir. Dastlabki Davlat xizmati odob-axloq kodeksi 1958 yilda Kongressning rezolyutsiyasi shaklida qabul qilingan edi. 1962 yilda Kongress «Saylanadigan mansabdor shaxslar (parlamentning har ikkala palatasi aʼzolari)ning va ijro hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining rasmiy axloqiy normalari»ni qabul qildi. 1965 yilda Prezident L. Jonsonning farmoyishi bilan mansabdor shaxslarning axloq-odob standartlari va meʼyorlari tasdiqlandi. 1978 yilda ushbu qoidalar «Davlat organlari xizmatchilarining odob-axloqi toʻgʻrisida»gi qonun shaklini oldi. Mazkur yoʻnalishdagi huquqiy baza XX asrning oxirlarida yanayam takomillashtirildi. 

AQSHda davlat xizmatchilarining qoʻshimcha daromadi lavozim maoshining 15 foizidan oshmasligi kerak. Bu cheklov Senat aʼzolaridan boshqa barcha mansabdor shaxslarga taalluqli. Prezident tomonidan tayinlanadigan xodimlarga butun xizmat faoliyati davomida bevosita vazifalari bilan bogʻliq boʻlmagan qoʻshimcha daromad olish umuman taqiqlanadi. 

Agar sovgʻaning narxi yil davomida 100 dollardan oshadigan boʻlsa, AQSH senatori, Senatning apparati xodimlari xususiy jismoniy va yuridik shaxslardan ular manfaatdor boʻlgan qonunlarni maʼqullash uchun bunday sovgʻalarni qabul qilishi kerak emas. Umuman, senatorlarga boshqa manbalardan (qarindoshlaridan tashqari) yil davomida jami 300 dollardan oshadigan sovgʻa-salom olish taqiqlanadi. Boshqa mansabdor shaxslarga ham shu kabi cheklov oʻrnatilgan. 

Sobiq davlat xizmati xodimlariga taalluqli cheklovlar ham mavjud. Bu cheklovlarga ular isteʼfoga chiqqanidan soʻng ikki yilgacha amal qilishlari lozim. Masalan, ularga ilgari oʻzlari ishlagan davlat organi oldida kimning manfaatini himoya qilish taqiqlanadi. 

Bobomurod TOSHEV tayyorladi.