Xalq bisotidan

Bir ota-ona har yili yoz oylarida oʻgʻlini buvisining uyiga olib borar ekan. Yillar oʻtib bola oʻsmirlik yoshiga yetibdi va navbatdagi safar vaqti kelganda: 

– Men endi yosh bola emasman, katta boʻlib qoldim. Buvimnikiga oʻzim ham bemalol ketaveraman! – debdi. 

Biroz norozilik bildirgan ota-ona axiyri rozi boʻlibdi. 

Mana, ular temiryoʻl bekatida turib, oʻz dilbandini kuzatish asnosida unga nasihat qila boshlashdi. Oʻgʻil esa oʻziga ishonch bilan: 

– Oyi, dada, bilaman! Boʻldi, yuz marta takrorladingiz oʻziyam! – debdi. 

Shunda otasi: 

– Bolam, agar oʻzingni yomon his qilib, nimadandir qoʻrqa boshlasang, mana buni oʻqi, – deya yigitchaning choʻntagiga nimadir solib qoʻyibdi.

Mana, oʻspirin vagondagi oʻz joyida oʻtirib, derazadan manzarani tomosha qilib ketmoqda. Atrofda begona odamlar bir-birini itarib, shovqin solib, tinmay kirib-chiqib yuribdi. Vagon kuzatuvchisi yigitchaga nimadir deb tanbeh berdi, kimdir unga norozi, yana kimdir shubhali nigoh tashlab qoʻydi. Shunda oʻsmir oʻzini qandaydir nooʻngʻay his qilib, daqiqa sayin qoʻrquv va xavotir hissi ortib borayotganini sezdi. Atrofga olazarak boqdi, yuragi vahimadan gupillab ura boshladi. U burchakka qadalib oʻtirib oldi, koʻzlariga yosh keldi, tomogʻiga nimadir tiqilgandek boʻldi. Shu payt otasi xayrlashish oldidan unga nimadir bergani yodiga tushdi. Qoʻllari qaltirab, choʻntagini paypasladi va bir parcha qogʻozni chiqardi. Maktubda «Oʻgʻlim, men qoʻshni vagondaman» soʻzlari bitilgan edi. 

Toki, tirik ekanmiz, farzandlarni qoʻllab-quvvatlashni va hamisha ularning yonida turishni unutmasligimiz lozim!

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.