Navbatdagi sport musobaqasi oʻtkazilib, gʻolibga katta miqdorda pul mukofoti taqdim etildi. Shodligi ichiga sigʻmagan yigit ushbu yutuqni olib, uyiga oshiqdi.
Yoʻlda ketar ekan, bir ayol uning yoniga yaqinlashib, yordam soʻradi. U shu qadar baxtsiz, chorasiz koʻrinar ediki, sportchining unga rahmi kelib, mushtiparning dardini eshitishga qaror qildi. Juvon yakkayu yolgʻiz oʻgʻli ogʻir xasta ekanini, juda murakkab va qimmat operatsiyani oʻtkazish uchun mablagʻi yoʻqligini bildirdi. Uning hikoyasidan qalbi larzaga kelgan yigit yutuq uchun olgan bor pul mablagʻini ayolga uzatdi.
Bir necha kundan soʻng u yana sport klubiga qaytib, doʻstlariga boʻlgan voqeani soʻzlab berdi.
– Eh, sodda! – deb yuborishdi atrofdagilar bir ovozdan. – Sen ham oʻsha yolgʻonchi ayolning tuzogʻiga tushibsan-da. Afsuski, bu uning birinchi makkorligi emas. U har doim shu atrofda oʻralashib yuradi va odamlarni aldab, pulini oladi.
Jonholatda achinib gapirayotgan sheriklarini tinglagan yigit yengil xoʻrsindi va:
– Demak, hech qanday xasta bola yoʻq, shundaymi? – deb soʻradi.
– Yoʻq!
– Ming shukur! Kasal farzand boʻlmaganiga shukur! Bu soʻnggi hafta ichida olgan eng yaxshi xushxabarim, – deya tabassum qildi u.
Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
