Har yili koʻtarinki ruhda nishonlanadigan va, ayniqsa, bolalar intiqib kutadigan Yangi yil insonlar qalbiga quvonchu shodlik ulashadi. Ushbu bayram haqida quyidagi qiziqarli maʼlumotlarni keltirib oʻtish mumkin.
* Turli-tuman chiroqlarga ega porlab turuvchi elektr girlyanda bilan bezatilgan archa ilk bor 1895 yilda AQShdagi Oq uy yoniga oʻrnatilgan.
* Shishadan yasalgan ilk archa sharlari XVI asrda Tyuringiyada (Saksoniya) yasalgan. Archa bezaklarini ommaviy ishlab chiqarish Saksoniyada XIX asrga boribgina jadallashdi.
* Ginnes rekordlari kitobiga kiritilgan dunyodagi eng yuksak sunʼiy archa 110 metr (40 qavatli binoga teng) balandlikka ega boʻlib, 2009 yilda Mexikodagi Pasʼo-de-la-Reforma hiyobonida qad rostlagan edi. Ikki oy davomida 200 nafar ishchi tomonidan oʻrnatilgan ushbu archani bezagan elektr girlyandalarning uzunligi qariyb 80 kilometrni tashkil etgan.
* Qadimda sovgʻalarni Qorbobodan kutish emas, aksincha, unga hadya qilish urf boʻlgan.
* Birinchi mushakbozlik 1700 yili Yangi yil kechasida Petr I topshirigʻiga koʻra amalga oshirilgan.
* Mʼyanmada (Birma) mazkur bayram yilning eng issiq davriga toʻgʻri keladi. Shuning uchun hamma odamlar koʻchaga chiqib, bir-birining ustiga sovuq suv quyadi va bu kun «suv festivali» deb yuritiladi.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi
