Robert Piri Shimoliy qutbga qadam bosgan ilk inson hisoblanadi. Ammo mazkur nom uchun yana bitta daʼvogar ham boʻlib, uning ismi Frederik Kuk edi. U Shimoliy qutbga Piridan bir yil oldin yetib kelganini daʼvo qilgan. Ekspedisiyadan qaytgach esa bir necha oy davomida muzliklarda ushlanib qolgan va Grenlandiya sohilidagi Annoatok shahriga yetib borganida Piri 8 oy oldin qutbga yoʻl olganidan xabar topgan.

Amerikaga tezroq qaytish ishtiyoqida yongan Kuk paroxodga oʻtirishi mumkin boʻlgan eng yaqin shaharga borishni rejalashtirgan hamda ortiqcha yuklarini yangi tanishi Garri Uitniga qoldirgan. U Kukning yozishmalari va asbob-uskunalarini Nʼyu-Yorkka yetkazishga vaʼda bergan.

Annoatokga kelgan Piri Kukning muvaffaqiyatidan xabar topgan va Kukning barcha narsalarini Grenlandiyada qoldirish sharti bilan Uitnining oʻzi bilan birga safarga chiqishiga rozi boʻlgan. Amerikada qutbning zabt etilganligi haqidagi ikkala xabar ham bir vaqtning oʻzida paydo boʻlgan. Lekin Kuk oʻz soʻzlarini hujjatlar bilan tasdiqlay olmagan va natijada barcha shon-sharaf Piriga nasib etgan. Keyinchalik uning hisobotlari ham soʻroq ostiga olingan. Xullas, Shimoliy qutbni kim kashf etganligi hanuzgacha munozarali masala boʻlib qolmoqda.