1961-yilning 12-aprel kuni fazogir Yuriy Gagarin insoniyat tarixida kosmosga birinchi parvozni amalga oshirdi. U «Vostok» fazoviy kemasida «Boyqoʻngʻir» kosmodromidan parvoz qilib, 1 soatu 48 daqiqada Yer sayyorasini bir marta aylanib chiqqan, Koinotga parvozi uchun unga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.
BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 7-apreldagi rezolyutsiyasi bilan mazkur sana Butunjahon aviatsiya va kosmonavtika kuni sifatida dunyo miqyosida nishonlanib kelinmoqda.
Oʻzbekiston ham kosmonavtika rivojiga sezilarli hissa qoʻshgan. Jumladan, Qozogʻistondagi «Boyqoʻngʻir» kosmodromi qurilishida oʻzbeklar faol ishtirok etishgan. U yerga respublikamizdan aloqachilar, quruvchilar va boshqa mutaxassislar yuborilgan.
Shu oʻrinda fazogir Vladimir Jonibekov haqida ham toʻxtalib oʻtish joiz. U 1942-yil 13-mayda hozirgi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Iskandar qishlogʻida dunyoga kelgan. Otasi harbiy, onasi hamshira boʻlgan. «15 yoshga kirganimda ilk bora samoga sunʼiy yoʻldosh uchirildi. Shu ondayoq menda koinotga uchish orzusi paydo boʻlgandi» – deb eslaydi V. Jonibekov oʻz xotiralarida. Boʻlajak fazogir, fizika, astronomiya fanlari va rassomchilik sanʼatiga qiziqqan. Barcha fanlarni puxta oʻzlashtirib, maktabni oltin medalga bitirgan. 1953-1958-yillari Toshkentdagi IIVga qarashli Suvorov nomidagi harbiy bilim yurtida ham oʻqigan.
V. Jonibekov besh marta fazoda boʻlgan (barcha parvozlarini umumiy hisoblaganda, kosmosda 145 kun 15 soat 58 daqiqa 29 soniya) oʻzbekistonlik birinchi kosmonavt hisoblanadi. U eng uzoq davom etgan – beshinchi parvozi (1985-yil 6-iyun – 26-sentabr)da «Soyuz T-13» kemasi kapitani sifatida «Salyut-7» orbital stansiyasi ustidan nazoratni tiklash uchun yuborilgan va 115 sutkada ortga qaytgan. Taʼkidlash kerakki, u ilk koinotga koʻtarilishini 1978-yil 10–16-yanvar kunlari amalga oshirgandi. Ikki bor Sovet Ittifoqi Qahramoni boʻlgan
V. Jonibekovga 1985-yili «aviatsiya general-mayori» unvoni berilgan. Oʻz nomini manguga muhrlagan fazogir intervyularining birida Oʻzbekistonda mashhur boʻlgan gʻoʻzaning ikki xil navlari urugʻini fazoda ekib, tuproqni yorib chiqqan 20 ta urugʻni koʻksiga solib olib tushganligini ham taʼkidlagan. 1985-1990-yillarda Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining deputati sifatida ham faoliyat yuritgan. Koinotdagi 3170-sonli kichik sayyora uning nomi bilan ataladi.
1984-yilda Toshkentdagi «Kosmonavtlar» metro bekati yonida tirik afsona Vladimir Jonibekovning haykaltarosh Yakov Shapiro tomonidan yaratilgan bronza byusti oʻrnatilgan. Tabarruk 80 yoshga toʻlishi munosabati bilan esa u 2022-yilda Oʻzbekiston Prezidentining farmoniga muvofiq «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlangan.
Bugungi kunda V. Jonibekov Rossiyaning Moskva viloyatida istiqomat qiladi va Oʻzbekistonga tez-tez kelib turadi. Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi maktablardan biriga ham Vladimir Jonibekov nomi berilgan.
Abror POYONOV tayyorladi.
