Global Language Monitor maʼlumotlariga koʻra, hozirda ingliz tilida bir milliondan ortiq soʻz bor. Eng qizigʻi, bu raqam tobora oʻsishda davom etayotgan ekan. Buning sababi, tilning moslashuvchanligi va ochiqligidadir. U osongina boshqa tildan olingan soʻz va iboralarni oʻzlashtiradi, moslashadi, neologizmlar yaratadi va kundalik hayotda ishlatiladigan "sleng"lardan qoʻrqmaydi. Tarixan ingliz tili kengayish uchun poydevor boʻlgan lotin, fransuz, german va yunon ildizlarini oʻzlashtirib kelgan. 

Masalan, birgina Oksford inglizcha lugʻatining 600 mingga yaqin soʻzi bor. Bunga texnik atamalar, shevalar yoki eskirgan shakllar kirmaydi.

Taqqoslash uchun, rus tilida 150-200 mingta soʻz, jumladan, eskirgan grammatik formalar - arxaizmlar mavjud. Bu arxaizmlarning 30 mingga yaqini kundalik hayotda faol qoʻllanib kelinadi.

Ierogliflar soni boʻyicha rekordchi Xitoy tili lugʻatga uncha boy emas. Uning tuzilishi soʻz boyligining koʻpayishiga imkon bermaydi.

Yunon tili fan va falsafa nuqtai nazaridan eng boy tillardan biri. Biroq, kundalik nutqda u hajm jihatidan ingliz tilidan pastroq turadi.

Oʻzining murakkab qoʻshma soʻzlari bilan mashhur nemis tilidagi soʻzlar soni 300-400 mingdan oshmaydi. Bu soʻzlar koʻpincha takrorlanadigan tuzilishga ega.

Ingliz tili har kuni, ayniqsa, texnologiya, madaniyat va siyosat sohalarida yangi soʻzlarni yaratadi. Bu esa uni tirik va doimiy oʻzgaruvchan tilga aylantiradi.

Tilshunoslarning taʼkidlashicha, ingliz tili hech narsani oʻz ichiga olishdan "qoʻrqmaydi". Hatto, xatolar, koʻcha gapi va mem (harakat, rasm, ibora, video yoki boshqa madaniy element)lar ham tilning bir qismiga aylanib, unga global kommunikasiyadagi ustunlikni taʼminlamoqda. Til ilmiy maqoladan tortib, "Tik-Tok"kacha boʻlgan har qanday kontekstga moslasha oladi.

Tillardagi soʻzlarning koʻpligi har doim ham yaxshi emas. Bu oʻrganishni qiyinlashtiradi va soʻz boyligining doimiy yangilanib borishini talab qiladi. Shunga qaramay, ingliz tili qayd qilingan birliklar soni boʻyicha dunyodagi soʻzlari eng koʻp til boʻlib qolmoqda. Bu rekord hali yangilanganicha yoʻq.