Spitak qabristonida bir xil sana – 1988-yil 7-dekabr – bitilgan yuzlab qabrlar orasidan faqat bittasida na surat va na biron qayd bor. Qabr toshiga shunchaki «Juja» deb yozib qoʻyilgan.
Armanistonda bundan 33 yil oldin kuchli zilzila sodir boʻlib, oʻttiz soniya davom etgan yerosti tebranishlari oqibatida ushbu zamin vayronaga aylandi. Ushbu mashʼum ofat tufayli 25 ming kishi halok boʻldi, 19 ming fuqaro nogiron boʻlib qoldi, 50 ming nafar aholi boshpanasidan ayrildi.
Endigina bolalagan va mittivoylaridan ayrilgan oddiy koʻppak Juja ushbu dahshatli zilzila chogʻida hayratomuz jasorat koʻrsatib, oʻzi bilan birga vayronalar ostida qolgan bir yoshli goʻdakning hayotini saqlab qoldi. U toʻrt kun (!) mobaynida qizaloqni oʻz tanasi bilan isitib, suti bilan boqdi.
Qutqaruvchilar tosh va qum uyumi ostida tirik qolgan insonlarning ovozini eshitish maqsadida sukut daqiqasini uyushtirar va shu asnoda odamlarni qutqarishga erishardi. Mana shunday onlardan birida ularning qulogʻiga itning uvillagan ovozi eshitildi. Biroq bunday damda hayvonlardan koʻra insonlarning hayoti muhimroq edi. Shunda koʻppak ilgari hech qilmagan ishini amalga oshirdi – qizaloqni avaylabgina tishladi. Goʻdak bor ovozi bilan yigʻladi va natijada ularning har ikkovi vayronalar orasidan chiqarildi.
Juja yana 12 yil mobaynida oʻsha qizaloq – Lala Sarʼyanning oilasida yashadi. U vafot etganida esa Lalaning yaqinlari uni Spitak qabristoniga boshqa odamlarning qabrlari orasiga dafn qilishdi.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
