Ona endigina olti yoshga kirgan qizalogʻini maktabga olib kelibdi. Suhbat chogʻida oʻqituvchi undan nechta yil faslini bilishini soʻrabdi. Qizcha bir muddat oʻylanib, soʻngra ishonch bilan:

– Oltita! – deya javob qilibdi.

Maktab direktori nim tabassum bilan ohista soʻrabdi:

– Yaxshilab oʻylab koʻrsang-chi? Qani, yana bir bor urinib koʻr...

Qizaloq xayolga choʻmibdi, uzoq oʻylanibdi va koʻzlarini katta-katta ochib javob qaytaribdi:

– Chin soʻzim, boshqasini eslay olmayapman... Oltita!

Direktor hayajondan yuzi qizarib ketgan onaga maʼnoli boqib, bir yoʻtalib qoʻyibdi, soʻng ulardan bir-ikki daqiqaga tashqariga chiqib turishlarini soʻrabdi.

Hovlida biroz achchiqlangan ona farzandiga yuzlanibdi:

– Bu nimasi endi? Axir, bu savolga javobni bilar eding-ku!

– Oyijon, uzr soʻrayman, – debdi koʻzlarida yosh miltillagan qizcha, – Lekin chindan ham boshqasini eslay olmayapman. Faqat Vivaldi, Gaydn, Pyatstsolla, Luse, Chaykovskiy va Glazunovning «Yil fasllari» yodimda, xolos...

Ona esa unga xavotirli boqib debdi:

– Qizim! Desyatnikov, Keyj-chi? Ular esingdan chiqdimi?..

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.