Bir qancha rekordlari bilan qayd etilgan ushbu murakkab koʻprikni haqli ravishda industriya olamining asosiy moʻjizalaridan biri deb atash mumkin. Tar deb atalmish daryo boʻyidagi keng voha boʻylab qad rostlagan mazkur inshoot tufayli Parijdan Beze shaharchasiga uzluksiz va tezkor harakatlanish taʼminlanadi.
Koʻprik 2004 yilda tantanali ravishda ochilgan boʻlib, u hatto “Eyfel” minorasidan ham baland, yaʼni eng katta ustuni 341 metrgacha yetadi. 8 ta mustahkam ustun ushlab turgan va poʻlat arqonlar yordamida mahkamlangan yelkansimon toʻsiqlardan iborat koʻprikning yoʻl koʻtarmasi ogʻirligi – 36 ming tonna, kengligi 32 metr, uzunligi 2,5 kilometr.
Uch yil mobaynida qurib bitkazilgan Viaduk Miyoni koʻrish uchun tashrif buyurgan aksariyat sayyohlarni «Parijdan shunchaki kichik bir shaharchaga olib boradigan bunday qimmat va texnik jihatdan murakkab koʻprikni qurishning nima keragi bor edi?» degan savol qiynaydi. Uni qurishdan maqsad bitta – mavsumga koʻra katta tirbandliklar yuzaga keladigan va Frantsiya boʻylab sayr qiluvchi sayyohlar, shuningdek, yuk mashinasi haydovchilari soatlab bir joyda turib qoladigan milliy trassa yuklamasini kamaytirish boʻlgan.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
