Bobo bolaligini eslolmaydi. Bolaligidan barcha bolalar qatori, yoʻqsil otasining yoʻgʻini bor qilish uchun choʻponga yordamchi boʻlgan. Ayni kuchga toʻlganda, armiyaga olishgan. Umrining gullagan yillarida Sibirʼ oʻrmonlarida balchiq kechgan, oqposhshoning parovozi jildirashi uchun daraxt kesgan. Oʻgʻillari otasining izi qolgan joylarni vatan deb ulgʻayishgan. Lekin vatan ona bagʻridek yovuq, ona mehridek issiq boʻlishi kerakmasmi?! Ularga oʻrgatilgan, yuraklariga oʻrnatilgan vatan esa juda olis va juda sovuq edi...
Kun kelib, ular ham otalaridek vatan xizmatiga olindi. Lekin vatan himoyachisi boʻlaman, degan yigitlar qurol-aslahani qoʻliga olish tugul, ularning rasmini ham koʻrmay, navqiron umrini qurilish batalʼonlarida oʻtkazishdi... Afsuski, bu meros avloddan-avlodga oʻtib kelaverdi...
Oʻttiz yil muqaddam esgan istiqlol epkinlari ularning vatan tushunchasini toʻzgʻitib yubordi. Kindik qoni tomgan ona zamin mustaqillikdan masrur boʻldi. Vatan tuygʻusi puchmoqlariga koʻmilgan yuraklari magʻrurlik tuydi. Vatan ona ekanini, ota-ona tugʻilgan goʻsha esa chin vatan ekanini, ularning kindik qoni tomgan tuproq aziz va muqaddasligini his qilishdi...
Endi ularning oʻgʻillari mardikorlikka, qurilish batalʼoniga emas, chin askarlikka yoʻl olishdi, ona Vatan himoyachisi boʻlishdek sharafli kasbni egallashdi. Yuksak unvonlar, yuqori lavozimlar sohibi boʻlishdi. Ularning yelkalarini osmondagidan-da yarqiroq yulduzlar, koʻksini nufuzli orden-medallar bezadi.
Eng quvonarlisi, bugun ularning farzandlari huquqni muhofaza qilish organlarida, Davlat xavfsizlik xizmatida va shon-sharafga toʻla Qurolli Kuchlar tizimida faoliyat yuritib, haqiqiy himoyachilarga aylanishgan. Keyingi avlod esa, ertaga mustaqil armiyamizning kuch-qudratini oshirish, uni nazariy va amaliy jihatdan boyitish maqsadida nufuzli harbiy oliygohlar hamda Akademiyalarda tahsil olmoqda. Shuning oʻzi ham ona Vatanimiz kelajagi, uning hifzi-himoyasi ishonchli qoʻllarda ekanidan nishonadir.
Temir QURBONOV,
isteʼfodagi podpolkovnik.
