Suyunchi yoki ulugʻ shoir bilan qisqa va unutilmas uchrashuv

Hozirgidek esimda. 2000-yilning yoz oylari edi. IIV Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati xodimlarni tarbiyalash, ijtimoiy himoya qilish boʻlimida inspektor lavozimida leytenant unvonida xizmat qilardim.

Bir kuni ustozim, polkovnik Oʻtkir Joʻrayev meni xonalariga chaqirdilar. Kirsam, biz sevgan taniqli shoir Muhammad Yusuf bilan gaplashib oʻtirgan ekanlar. Marhum Oʻtkir aka sheʼriyatni juda yaxshi koʻrardilar, oʻzlari ham doim boʻsh vaqtlarida ijod qilganlari uchun atroflarida shoirlar, xonandalar boʻlardi. Oʻshanda Oʻtkir Parmonovich menga Muhammad Yusufning bir sheʼrini kompʼyuterda terishda yordam berishim kerakligini aytdilar. Birpasda sheʼr tayyor boʻldi.

Qisqa fursat ichida shunday bir ajoyib ijod mahsuli yaraldiki, men shunda ijodkorning buyukligiga yana bir bor qoyil qolgandim. Keyinchalik sheʼrga ohang va jilo bergan qoʻshiq Oʻzbekiston xalq artisti Nuriddin Xaydarov ijrosida respublika koʻrik-tanlovida yangradi. 

...Oʻsha kuni Muhammad Yusuf shoshilib turgan ekanlar, sababini soʻraganimda ichki bir hayajon bilan: 

– Bugun nabiralik boʻldim! Birinchi suyunchini esa, mana, siz berdingiz! – deya hazillashib, sheʼr bitilgan qogʻozga ishora qildilar...

Bernora SADIKOVA,

polkovnik.