Oʻzbekistonda birinchi film 1897 yil «Eski joʻva» maydonida koʻrsatilgan. 1936 yildan «Oʻzbekfilm» kinostudiyasining tashkil topishi oʻzbek kino sanʼati rivojini boshlab berdi. Oʻzbek xalqi orasidan teatr va kino sanʼatiga ixlosmand yoshlar yetishib chiqa boshladi. Ana shunday ijodkorlardan biri, sizu bizga «Nortoy» obrazi bilan tanish boʻlgan mahoratli aktyor va rejissyor, stsenarist, «Doʻstlik» ordeni sohibi Rashid Malikov — sahifamiz mehmoni.

 

MAʼLUMOT OʻRNIDA

Rashid Malikov 1958 yil 3 iyulda Mos­kva shahrida tugʻilgan. 1975-1980 yillarda Toshkent tibbiyot institutida tahsil olgan. 1981-1986 yillari Butunrossiya davlat kinematografiya institutining rejissyorlik fakultetida oʻqigan. 1993 yilda Aqshda «Film in USA» dasturi doirasida malaka oshirgan. 2022 yil avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlangan.

– «Chinor ostidagi duel» filmi suratga olish jarayoni vaqtida siz tibbiyot oliygohi talabasi boʻlgan ekansiz... Kino olamiga qanday kelib qolgansiz?

– Yoshligimdan kinoda ishlashni maqsad qilganman. Qiziqishim va intilishim juda kuchli edi. 1973 yilda kinostudiyaga Damir Salimovning filmiga tanlovga kelganimda meni olishmagandi. Oʻshanda 8-sinfda oʻqirdim. Otam tibbiyot fanlari doktori, professor, onam ham shu sohada dotsent edi. Ular meni qiziqishlarimga jiddiy qarashmadi. Shifokor boʻlishimni xohlashdi. Shunday qilib Toshmiga oʻqishga kirdim. Oʻqib yurgan kezlarim teatr studiyalar va musiqiy ansambllarga qatnashardim va tibbiyotdan koʻra sanʼatga qiziqishim ortib borardi. «Pyotr Kleyner» degan yaxshi teatr studiyasi boʻlar edi, oʻsha yerda meni

1977 yillarga qadar mahoratli aktyorga aylantirib qoʻyishgandi. Aktyorlik mahoratim ancha baland edi. Gazetadagi eʼlonda kastingni oʻqib qoldim. «Nortoy»ga tanlov boʻlayotgandi. Raqobat esa ancha katta. Hozir ham kulib eslab yuramiz.

Tanlovda hozirda mashhur boʻlgan Behzod Hamroyev, rahmatli Hamza Umarovning oʻgʻli Shuhrat Umarov qatnashgandi. Oʻtishimga ishonmasdim. Ammo sal oʻtib telefon qilishdi. Rolga sizni tasdiqladik deyishdi. Oxirgi qarorni bu filmning badiiy rahbari boʻlgan «Mimino», «Omadli jentelmenlar» kabi mashhur filmlarni suratga olgan rejissyor Georgiy Daneliya bildirgan. Probalarni Melis aka Daneliyaga koʻrsatganida, ular oʻylab oʻtirib, «mana bu yigitni olamiz, u beoʻxshov, ozgʻin, oyoqlari uzun» deb meni tanlagan ekan. 1977 yil yozida suratga olish jarayonlari boshlanib ketgan.

– Filmni kinoshunoslar eng omadli debyut asar deyishadi, toʻgʻrimi?

– Albatta. «Chinor ostidagi duel» filmi rejissyor Melis Abzalov, stsenariy muallifi Rixsivoy Muhammadjonovning kino olamidagi ilk mustaqil ishi sanalgan. Shu bilan birga mening ilk debyut rolim ham edi.

– Aytingchi, filmning muvaffaqiyati nimada edi?

– Bilasizmi, koʻp oʻylaganman bu haqda. Kinoni professional ijodkorlar suratga olishdi. Filmda kelajakka qarab intiladigan yigit haqida gap ketadi. U oʻtmishda qolib ketgan fikrlar bilan yashamaydi. Oʻsha vaqtda koʻpchilikka uning feʼl-atvori maʼqul boʻlgan. Filmning yutugʻi shu boʻlsa kerak.

– Kartinadagi aktyorlarning qaysilari bilan munosabatlaringiz hozirgacha saqlanib qolgan?

– Filmda ukam Zokir rolini oʻynagan Jalol Yusupov bilan hali hamon doʻstmiz. Jalol mendan 10 yoshcha kichik boʻlsayam, mendan ham qobiliyatli aktyor edi. U dorboz Toshkenboyevlarning avlodidan. U chet elda yashasa-da, doimo qoʻngʻiroqlashib turamiz. Qolgan aksariyat ijodkorlar bu yorugʻ dunyoni tark etishdi.

– «Kelinlar qoʻzgʻoloni» filmidagi obrazingiz esa xarakter jihatdan umuman boshqacha...

– Ha, Nortoyning teskarisi. Onasini xafa qilmaydigan, akalarini soʻzidan chiqmaydigan va shu bilan birga ayolini ham koʻngliga qaraydigan inson obrazi.

– Tibbiyot sohasidagi bilimlaringiz hayotingizda asqatdimi?

– Birinchi filmim «Klinika» deb ataladi. 1988 yilda Oʻzbekfilm studiyasida suratga olingan. Ota-onam shifokor boʻlganlari uchun, shifokorlarga bagʻishlab film olishni niyat qilganman. Baxtiyor Zokirov, Raʼno Kubayevalar rol ijro etishgan, bu filmim uchun sovrinlar ham olganman.

– Turli janrlarda kinofilmlar suratga oldingiz. «Togʻa», «Sabot», «Tutqunlik» kabi filmlaringiz orqali nufuzli sovrinlarni qoʻlga kiritdingiz.

– Janrlar xilma-xilligi boʻldi. Drama, melodrama, komediya, detektiv, tarixiy, jangari filmlar ustida ishladim. 2014 yilda «Togʻa» filmi uchun Rossiyadagi «V krugu semi» xalqaro kinofestivalining bosh mukofotini, 2018 yilda esa «Sabot» filmi uchun Rossiya kinematografchilari ittifoqining kinoshunoslar va kinotanqidchilar gildiyasi sovrinini, Kinoklublar federatsiyasi diplomini ham qoʻlga kiritdik. 2021 yilda drama janrida suratga olingan «Tutqunlik» badiiy filmida bosh rejissyor boʻldim. Bu yutuqlar men bilan ishlagan barcha ijodkorlar yutugʻi hisoblanadi.

– Sizda ham ayrim hollarda bu sohadan ketish istagi boʻlganmi? Agar boʻlgan boʻlsa, sizni nima ushlab qola oldi?

– Bu sohadan ketish istagi hech qachon boʻlmagan. Kino – bu hayotim, jonim. Kasbimga sadoqat bilan ishlayapman. Rejissyor sifatida 15 dan ziyod badiiy filmlarni tasvirga oldim. Tomoshabinlar barchasini iliq kutib olishdi. Son-sanoqsiz reklama roliklari, kliplarni suratga olishga erishdim. Oʻzimni baxtli inson, deb hisoblayman.

– Ikki xil davrni koʻrgan ijodkor sifatida hozirgi oʻzbek kino sanʼati yutuq va kamchiliklari haqida nima deya olasiz....

– Zamonaviy oʻzbek kinosi haqida gap ketganda, toʻgʻrisi, unga befarq odamni topish qiyin. Qilinayotgan ishlarni maqtovchilar ham, ulardan koʻngli toʻlmay tanqid qiluvchilar ham, albatta, topiladi. Hozir bizda saviyasi past filmlar «xontaxta» deb ataladigan boʻlgan. Xontaxtani oladigan rejissyorning maqsadi bitta, u ham boʻlsa pul ishlash. Ularning filmlarini koʻradigan 16–20 yoshdagi oʻsmir, yigit-qizlar judayam koʻp. Lekin, aslida, bu juda achinarli holdir. Boy va kambagʻal, qaynona va kelin, qisqasi maishiy mavzular boʻlyapti. Bu ularning tanlovi. Kamchiliklarning eng asosiysi – stsenariylarning zaifligida. Badiiy kengash aʼzosiman. Qanchadan-qancha boʻsh stsenariylarni oʻqiyman. Eng achinarlisi shundaki, oʻzbek kinosi televizion kinoga aylanib ulgurdi. Kino hech qachon televideniye uchun ishlashi kerak emas. Bu boshqa sanʼat turi. Film ijodkorlarining saʼy-harakatlari kichik erkanlarda koʻrinmay qoladi. Uni kinoteatrlarda katta ekranlarda tomosha qilish kerak.

– Shogirdlaringiz bormi? Kelajagi porloq ijodkorlar deb, kimlarni ayta olasiz?

– Hozirda Toshkentdagi S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining filialida kinorejissura va kinodramaturgiya kurslarida mazkur sohaga qiziqqan yoshlarga saboq berib kelyapman. Natijalar meni quvontiradi. Maqtashga arzigulik iqtidorli ijodkor yoshlar bor.

– Farzandlaringiz qaysi kasb egalari?

– 2 ta farzandim bor. Qizim 41 yoshda, Buyuk Britaniyada yashaydi. Oʻgʻlim 35 yosh, Moskvada yashaydi. Ular sanʼat yoʻlini tanlashmadi. Bundan afsuslanmayman. Ularning oʻzlarining xohishi.

– Kelgusi rejalaringiz haqida soʻzlab bersangiz...

– 2024 yil sentyabr oyida «Paxta» degan filmning suratga olish jarayonlarini tugatganman. Maqsadim, tezroq uni tomoshabinlarga xalqaro kinofestivallarda namo­yish etish.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Yurt tinchligi yoʻlida xizmat burchini ado etayotgan oso­yishtalik posbonlariga tilaklaringiz...

– Hamisha yurtimiz tinch boʻlsin. Osmonimiz musaffo boʻlsin. Osoyishtalik posbonlarimizga doimo sihat-salomatlik tilayman. Chinakam badiiy filmlarni koʻproq tomosha qiling va kinoga hech befarq boʻlmang, deyman.

Madina QAHHOROVA suhbatlashdi.