Maʼnaviyat va maʼrifat darsi


Alisher Navoiy turli xalq va millat vakillarini chin dildan sevgan, hurmat qilgan. Shu bois uning barcha asarlarida turli xalq, din, millat va elat vakillari qahramon darajasiga koʻtarilgan. Masalan, Farhod xitoylik boʻlsa, Shirin armani, Layli va Majnun arab, Bahrom fors, Iskandar yunon millatiga mansub edi.

Buyuk mutafakkir, gʻazal mulki­ning sultoni Alisher Navoiy ijodida vatanparvarlik va insonparvarlik, xalqlar, millatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik mavzulari asosiy oʻrinni egallaydi. Shoir jahon xalqlariga murojaat etib, ularni bir-biriga koʻmakdosh, yelkadosh, hamkor va doʻst boʻlishga chaqiradi:

Olam ahli bilingizkim,

ish emas dushmanligʻ,

Yor oʻlung bir-biringizgakim

erur yorligʻ ish.

Navoiy insonning qanchalik buyuk xilqat ekani, uning shaʼni, obroʻ-eʼtibori hamisha ustun turishi lozimligini eʼtirof etgan. Tarixiy manbalarda buyuk mutafakkir oʻzga yurtlardan panoh soʻrab kelganlarga boshpana bergani, oʻz hisobidan karvonsaroylar, xonaqohlar, maktab va madrasalar, shifoxonalar va muruvvat uylari barpo etgani yozib qoldirilgan.

Shuningdek, u mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash, oʻz hamyurtlarining huquq va manfaatlarini himoyalashga ham alohida eʼtibor qaratgan. «Iligimdin kelgancha, zulm tigʻin ushotib, mazlum jarohatigʻa intixol malhamin qoʻydum» deyiladi uning «Vaqfiya» asarida.

Zotan, 1469-yilda Xuroson taxti Husayn Boyqaro ixtiyoriga oʻtganidan soʻng, mamlakatda adolat oʻrnatish, mahalliy amaldorlar­ning xalqqa nisbatan nohaqliklarini bartaraf etib, xalqning noroziligini toʻxtatishda, aybdorlarni topib jazolashda ham Navoiyning xizmatlari katta boʻlgan edi. «Mahbubul-qulub» asarida bitilganidek, «mushukka rioyat kabutargʻa ofatdur. Yaʼni, zolimga erk berish ojizlar uchun musibatdan boshqa narsa emas».

Mir Alisher Navoiy muhrdor, «amiri kabir» (bosh vazir), Astrobod hokimi lavozimlarida ishlagan paytlarida ham, adolat va insoniylik yoʻlidan borib, mamlakatda tinchlik, osoyishtalik, farovonlikni taʼminlashga hissa qoʻshdi.

Shu bilan birga, ulugʻ mutafakkir adolatsizlik, jabr-zulm keng qanot yoygan, inson shaʼni, haq-huquqlari toptalgan joyda rivojlanish taraqqiyot boʻlmasligini ham taʼkidlab oʻtgan:

To hirs-u havas xirmani

barbod oʻlmas,

To nafs-u havo qasri

baraftod oʻlmas,

To zulm-u sitam jonigʻa

bedod oʻlmas,

El shod oʻlmas,

mamlakat obod oʻlmas.

Yaʼni, yurtda ochkoʻzlik, badnafslik, tamagirlik, ado­latsizlik barham topmas ekan, xalq farovonligi, odamlarning roziligi, mamlakat obodligini taʼminlab boʻlmaydi.

Navoiy mualliflik huquqiga ham eʼtibor qaratgan. Jumladan, «Majolisun-nafois» tazkirasida Hirot shoirlari haqida soʻz yuritib, boshqalarning sheʼrini oʻzining ijod mahsuli sifatida oʻqib yurgan Anisiy taxallusli bir shoirni tanqid ostiga olgan.

Bir rivoyatga koʻra, buyuk shoir yoshligida darveshdan eshitib, yodida qolgan quyidagi bir baytdan oʻz gʻazalida foydalanish uchun uni topib, uy-joy, maosh, ish bilan taʼminlagan ekan. Mana oʻsha bayt:

Koʻkragimdur subhning pirohanidin chokroq,

Kiprigim shabnam toʻkilgan sabzadin namnokroq...

Buyuk Navoiyning bebaho merosi va sharafli hayot yoʻli yillar oʻtsa-da, zamon va makon sarhadlari osha ezgulik, adolat va insonparvarlik yoʻlidagi muhim dasturilamal boʻlib kelayotir.

Shoir insonning ulugʻligi, shu bilan birga, vatanparvarlik, xalqsevarlik gʻoyalarini ilgari surgan. Uning «Vatan tarkini bir nafas ay­lama», degan baytlari ham bevosita Vatanni sevish, uni asrash, obod qilish shavqi bilan yashashga daʼvat etadi.

Navoiyning abadiyatga daxldor merosi, betakror asarlari nafaqat oʻzbek, balki butun bashariyatning bebaho maʼnaviy xazinasiga aylangani rost. Bugungi kunda ul zotning umrboqiy asarlari dunyoning oʻnlab tillariga tarjima qilingan. Bu asarlardagi ezgulik, insonparvarlik, vatanparvarlik gʻoyalari, sadoqat, iymon-eʼtiqod tarannumi butun insoniyatni birlikka, hamjihatlikka daʼvat etib kelayotir.

Gohida Navoiy asarlarini mutolaa qilish asnosida uning betimsol zakosi, idroki, uzoqni koʻra bilishini his etib, cheksiz hayrat girdobiga tushasiz. Nazarimizda, ul zot yuksak darajada taraqqiy etgan zamonamiz­ning oʻziga xos jihatlarini, hatto muam­molarni besh yarim asr ilgari teran nigoh bilan koʻra olgandek.

Alisher Navoiy nainki oʻz asarlari, balki ezgu amallari bilan ham el-ulusga ibrat koʻrsatgani tarixiy manbalarda oʻz aksini topgan. Ul zot yozganlarki:

Fil boʻlsa, agar hasming,

desangki, zarar topmay,

Bir pashshaga olamda

yetkaz­ma zarar hargiz.

Yaʼni, dushmaning fil boʻlsa ham, ziyon koʻrmaslikni istasang, bu olamda pashshaga ham zarar yetkazmagin.

Atrofga teranroq nazar solaylik. Har kuni oʻnlab begunoh insonlar maqsadsiz urush va nizolar, ziddiyatlar, harbiy harakatlarning qurboni boʻlayotir. Navoiy bobo­mizning asr­lar osha yashab kelayotgan shoh satrlari uygʻoq ruhning yangroq faryodidek jaranglaydi:

Uning naqadar vatanparvar boʻlgani, el-yurt manfaatini har doim oʻz manfaatidan ustun qoʻyganliklari ortiqcha eʼtirofga muhtoj emas.

Menga qilsa yuz jafo,

bir qatla faryod aylamon,

Elga qilsa bir jafo,

yuz qatla faryod aylaram.

Ushbu baytda ham soflik, sami­miyat va vatanparvarlik yaqqol ufurib turibdi.

Bugun biz ilm-fan, texnika, axborot texnologiyalari yuksak darajada rivojlangan bir davrda yashayapmiz. Bu zamon har birimizdan maʼnaviya­timiz, milliy qiyofamiz, qadriyatlari­mizni turli yot taʼsirlardan himoyalash, xususan, yoshlarimiz­ning ongini turli illatlardan asrash, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashni taqozo etadi.

Navoiy asarlarining yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning yorugʻ kelajagini taʼminlashdagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotir. Bu asarlarda ilgari surilgan sharqona odob-axloq, ibo va hayo, or-nomus, mardlik va jasorat, Vatanga sadoqat, ota-onaga hurmat, mehr-u muhabbat gʻoyalari bizning zamonamizda ham dol­zarbligicha qolmoqda.

Shoir butun olam aslida insoniyat bilan goʻzal ekanini, shu bois bu sayyoraning har aʼzosi imkon qadar uni obod etishi, buzgʻunchilik bilan emas, bunyodkorlik, yaratuvchanlik bilan uning farovonligini, oso­yishtaligini taʼminlashi lozim:

To bani Odam ila olam erur,

Olam ichinda bani Odam erur.

Adl ila olam yuzin obod qil,

Xulq ila olam elini shod qil.

Alisher Navoiy oʻzining oltmish yillik umri davomida mangulikka daxldor ishlarni amalga oshirdi. Oʻlmas asarlar, dilbar sheʼrlar bitdi. Ona tilimizning shuhratini, beqiyos goʻzalligi va nafosatini yaqqol namo­yon etdi. Umri davomida el-yurt gʻami, quvonch va tashvishlari bilan yashadi. Butun insoniyatni oʻzidan yaxshi nom qoldirishga daʼvat etdi:

Bu olam ichraki,

yoʻqdur baqo guligʻa sabot,

Ajab saodat erur,

qolsa yaxshilik bila ot.

Vaqt hamma narsadan ustun, u hech kimga boʻysunmaydi. Zamonlar, davr-u davronlar oʻtaveradi. Lekin Alisher Navoiydek buyuk ajdodlarimiz yaratib qoldirgan bebaho maʼnaviy xazinalar asrlar suroniga bardosh berib, yanada sayqal topib, qadr-qimmati oshib boraveradi. Biz esa Navoiy bobomizning nomi bilangina faxrlanib qolmasdan, ana shu xazinadan bahramand boʻlib yasha­mogʻimiz kerak. Navoiyni faqatgina bayramlarda, tavallud ayyomlarida emas, har kuni, har lahzada qalbimizda, ruhimizda yashatmogʻimiz zarur.

Rustam JABBOROV,

filologiya fanlari boʻyicha

falsafa doktori.