IKKI QATOR ShEʼRNING BAHOSI


Alisher Navoiyning koʻpgina asarlari oʻz tarixiga ega. Ayrimlarining yaratilishi tarixi yozma manbalarda aniq dalillar keltirilgan boʻlsa, boshqalari haqida hatto turli rivoyat va hikoyatlar ham tarqalgan.

Ayrim gʻazallarning yaratilish davri xususida Navoiyning tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari oʻrtasida anchadan beri bahslar davom etib keladi. Ana shunday gʻazallardan biri Alisher Navoiyning:

  Koʻkragimdur subhning perohanidin chokroq,

  Kiprigim shabnam toʻkulgan sabzadin namnokroq.

— matlai bilan boshlanadi. Alisher Navoiy haqida xalq afsonalarini oʻzida jamlagan “El desa Navoiyni…” toʻplamida xuddi shu haqdagi rivoyat ham keltirib oʻtilgan.

Koʻpgina adabiyotshunoslar ushbu bayt bilan boshlanuvchi gʻazalning matlaini Samarqandda, bir tilanchidan eshitib qolgani, keyinchalik oradan oʻn yillar oʻtib, uni sotib olgani haqida maʼlumot berishadi.

Maʼlumotlarga koʻra, 1465-1469-yillarda Alisher Navoiy Samarqandda yashagan, shu yerda oʻqib ijod qilgan. Xuddi shu davrlarda Alisher Navoiy Samarqandda bir darveshning tilidan yuqoridagi baytni eshitib qolgani haqidagi bir rivoyat yuzaga kelgan.

    RIVOYAT QILIShLARICHA…


Alisher Navoiy Samarqandda tahsil olayotgan yillarda Samarqand bozorida bir darvesh ana shu baytni kuylab, tilanchilik qilib yurganini koʻradi. Bu bayt Navoiyga juda ham maʼqul boʻladi. Darveshni xoliroq joyda uchratib, ushbu baytni sotishni soʻraydi.

Biroq bu paytda Navoiyning shoirga beradigan bir nechta aqchasi va egnidagi toʻnidan boshqa hech narsasi yoʻq edi. Darvesh unga bu baytni kuylab qirq yildan beri oila tebratishini aytadi. Navoiy bu gʻazalning muallifi bilan qiziqadi. Maʼlum boʻlishicha, darvesh bu gʻazalni otasidan yod olgan boʻlib, muallifi kim ekanligini bilmas ekan. Navoiy noumid boʻlib, hujrasiga qaytadi.

Bu orada Husayn Boyqaro Xuroson taxtini egallab, doʻstini Hirotga taklif etadi. Navoiy Sulton Husaynning saltanatida yuqori lavozimni egallaydi. Oradan oʻn yildan koʻproq oʻtgandan soʻng Navoiy davlat ishlari bilan Samarqandga yoʻli tushib, qadrdonlarinikida mehmon boʻladi. Bir suhbatda Navoiy oʻsha bayt va uning sohibini eslaydi. Hamsuhbatlar Navoiyga darveshning nihoyatda keksayib, endi bozorma-bozor, rastama-rasta kezib yurolmay qolganligi, bir yerda munkayib oʻtirganicha pichirlab, tilanayotganidan darak berishadi. Navoiy oʻsha darveshni izlab topadi va avvalgi tilagini eslatadi.

Shunda darvesh baytni bitta yaxshi hovli-joy, bitta tegirmon va bir eshakka almashishini aytadi. Navoiy cholning shartiga koʻnadi. Unga aytganlarini olib beradi. Bayt esa uning shaxsiy mulki boʻlib qoladi. Shundan keyingina unga dadil qoʻl urib, baytni mukammal gʻazal holiga keltiradi.

Navoiyning boshqa gʻazallari qatori bu ham oʻz vaqtida muxlislariga yetib boradi, hofizlar uni kuyga solib kuyladilar, bu kuy Navoiyning gʻazali bilan asrlar osha bizning davrimizga yetib keldi.


  “MUALLIFLIK HUQUQI”NING MUMTOZ KOʻRINIShI


Bu bir qarashda mubolagʻaga oʻxshab koʻrinishi ham mumkin. Umri davomida 100 ming baytdan koʻra koʻproq badiiy meros qoldirgan buyuk shoir, nahotki, birovning bir bayti uchun shu qadar jon kuydirgan, uning uchun juda katta xarajat qilgan boʻlsa?

Albatta, bu oʻrinda mubolagʻa ham boʻlishi mumkin. Lekin haqiqat shuki, Navoiy chindan ham Samarqandda ancha payt yashagan, shu yerdagi shoirlar, olimlar suhbatidan bahramand boʻlgan, bu yerda dilbar sheʼrlar bitgan. Bundan tashqari, Navoiy oʻzidan avval yashab oʻtgan va zamondosh shoirlarning goʻzal misralariga yuqori baho bergan. Isteʼdod egalarini topib, ularni har taraflama ragʻbatlantirgan.

Yuqoridagi gʻazal ham oshiqning ruhiy ahvoli goʻzal tashbehlar bilan ifodalangan nafis ijod namunalaridan biridir. Yuqoridagi holatda ehtimol, Navoiy faqat baytning goʻzalligi, nafisligi tufayli emas, umrini shu baytni aytib, oila boqib oʻtkazgan bir tilanchiga yaxshilik qilish, umrining qolgan qismini oʻz uyida, farogʻatda oʻtkazishini istagani uchun ham baytni shu qimmat narxga sotib olgandir?

Qolaversa, bu rivoyat zamonaviy tilda “mualliflik huquqi”, “plagiatlikka qarshi kurash” singari tushunchalar Navoiy davrida ham mavjud boʻlgani, xususan Navoiyning oʻzi ham boshqalarning ijodiga katta hurmat bilan qaraganini koʻrsatadi.


    HAQIQATGA QANChALAR YaQIN?


Afsuski, yuqoridagi rivoyatning biror tarixiy manbadagi talqinini uchratmadik. Rivoyat ilk bor, oʻtgan asrning 60-yillarida folʼklor toʻplamlarida chop etilgan.

Rivoyatdagi faktlarni tahlil qiladigan boʻlsak, Navoiy Hirotga qaytganidan soʻng oradan oʻn yildan koʻproq vaqt oʻtganidan keyin, yaʼni “tilanchi bilan hisob-kitob qilinganidan soʻng” bitilgan. Demak, ushbu gʻazal 1489-yilda toʻliq, bugun biz bilgan holda kelgan boʻlishi kerak edi.

Lekin Alisher Navoiyning 1471-yilda temuriylarga qoʻshni oqqoʻyunlilar davlatida koʻchirilgan devonida ushbu gʻazal toʻliq koʻrinishda uchraydi. Qolaversa, tarixiy manbalarda Navoiy Hirotdan qaytganidan soʻng yana Samarqandga kelgani haqida maʼlumotlar yoʻq.

Yana bir qiziq maʼlumot shundaki, tarixchi Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida esa, ushbu bayt Navoiyning yaqin mulozimlaridan Mavlono Sohibdorodan sotib olinganiga ishora qilinadi.


Nima boʻlgan taqdirda bu gʻazal Navoiy ijodiga mansub eng goʻzal sheʼrlardan biri sanaladi.


Rustam Jabborov tayyorladi.