Amir Temur buyuk sarkarda, davlat arbobi, maʼnaviyat va maʼrifat homiysi, shuningdek, xalqini jahonga mashhur qilgan buyuk va betakror shaxsdir. Ayniqsa, uning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyos. Amir Temur va uning avlodlari saʼy-harakatlari bilan qurilgan madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, saroylar, bozorlar, qalʼalar, kanallar va boshqa inshootlarning son-sanogʻi yoʻq. Amir Temurning bevosita rahnamoligida bunyod etilgan Bibixonim jome masjidi, Goʻri Amir, Ahmad Yassaviy, Zangi Ota maqbaralari, Oqsaroy va Shohi Zinda meʼmoriy moʻjizalari, Bogʻi Chinor, Bogʻi Dilkusho, Bogʻi Behisht, Bogʻi Baland singari oʻnlab goʻzal saroy-bogʻlar va shu kabi boshqa inshootlar shular jumlasiga kiradi.
Sohibqiron oʻsha davr va oʻzigacha boʻlgan insoniyat maʼnaviyati, maʼrifati va madaniyati yutugʻining barcha sohalarini mukammal oʻzlashtirgan ulugʻ siymo, qomusiy ilm, aql egasi boʻlgan. Maʼlumotlarga qaraganda, uning otasi amir Muhammad Taragʻay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamo-yu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi boʻlgan.
Helda Hukhem «Yetti iqlim sultoni» asarida taʼkidlaganidek, «Temur ... jismonan baquvvat, maʼnaviy hayotning yuksak qadriyatlarini egallagandi, doimo olimlar davrasida ishtirok etar, ulardan talaygina fanlarni oʻzlashtirgandi, tarixni yaxshi bilardi». Shuning uchun ham uning boy, serqirra ijodi, tengi yoʻq va takrorlanmas shuhrati asrlardan asrlarga, davrlardan davrlarga eson-omon oʻtib, barcha algʻov-dalgʻovlarga bardosh berib, bizlargacha yetib keldi.
Buyuk davlat arbobi, maʼrifat homiysi, yuksak maʼnaviyat egasi Amir Temurning abadiylikka daxldor merosi bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ruhiy-maʼnaviy poklanishi va milliy oʻzligini anglashida bitmas-tuganmas chashmadir.
Amir Temur ilm-fan, maʼnaviyat ahliga eʼtibor, mehribonlik koʻrsatib, ulardan jamiyat madaniy hayotida foydalanishga intilar ekan, tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, «... olimlarga mehribon, sayyid-u shariflarni oʻziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga toʻla izzat-hurmat koʻrsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam koʻrardi. Ularning har birini oʻz martabasiga qoʻyib, izzat-u ikromini unga izhor qilardi». Koʻplab ilm-maʼrifat allomalari Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nuʼmoniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Sohibqironning marhamatidan bahramand boʻlib, uning xizmatida boʻldilar.
Amir Temur ilm-fanning riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), meʼmorchilik, falakiyot (astronomiya), adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta eʼtibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: «Buni teran anglagan Sohibqiron hokimiyatga kelishi bilan chiqargan dastlabki farmonlarini madrasalar barpo etishga, ilm toliblariga nafaqalar tayinlash bilan boshlagan. Qaysi bir shaharga tashrif buyurmasin, Amir Temur, avvalo, oʻsha yerlik olim-u fozillar bilan uchrashar, ular bilan suhbat qurar, turli mavzularda bahslashar edi».
Tarix, tibbiyot, matematika, astronomiya, meʼmorchilik sohalarida yuksak salohiyatga ega Amir Temur uchun bu tabiiy hol edi. Mirzo Ulugʻbekning davlat arbobi boʻlish bilan birga, buyuk olim darajasiga yetishishida ham bobosi Amir Temurning xizmati benihoya katta boʻlgan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Samarqandning sara ulamolari» kitobida Amir Temur haqida jumladan quyidagilar keltirilgan: «Amir Temur ilmga va ulamolarga ahamiyati katta boʻlgan. Harbiy yurish, jang-u jadalning ichidan Imom Muhammad ibn Jazariy rahmatullohi alayhiga oʻxshash allomalarni topib, oʻz diyoriga olib kelish, ularga ilmiy faoliyat uchun sharoit yaratish va ularning hurmatini joyiga qoʻyish oson ish emas».
Sohibqiron Amir Temur davrida ilm-fan, adabiyot va sanat, hunarmandlik va meʼmorchilik ravnaq topdi. Temur tomonidan turli mamlakatlardan yuz mingga yaqin olimlar, hunarmandlar, meʼmorlar, sanʼatkorlar Samarqandga keltirilgan. Temur ilm-fan va sanʼat namoyandalarini oʻz himoyasiga olgan, muayyan sharoitlar yaratgan, ularning tirikchiligi, ijodiy faoliyatlari davlat hisobiga olingan. Temur davlati saʼy-harakatlari tufayli XIV asr oʻrtalari va XV asr boshida Samarqandda astronomiya, tibbiyot, riyoziyot, falsafa, tarix kabi fanlar, meʼmorchilik, adabiyot, sanʼat, xattotlik va musiqa sanʼati gurkirab oʻsadi, koʻp olimlar, sanʼatkorlar yetishib chiqadi.
Amir Temurning maʼnaviy va maʼrifiy qarashlari uning oʻz farzandlari, nabiralari, taxt vorislariga qoldirgan oʻgitlari «Temur tuzuklari»da mujassamlashgan. Bu bebaho tarixiy asarda, hokimlar va vazirlarning vazifalari, oʻz ishiga munosabati, aholi turli qatlami – raiyatning haq-huquqini himoya qilish, sipohlarga munosabat kabi hayotiy maʼnaviy-axloqiy qonun-qoidalar oʻz ifodasini topgan.
Amir Temur shaxsida biz oʻsha zamonning eng yetuk maʼnaviyat sohibini koʻramiz.
U avvalgi ajdodlar tarixini yaxshi bilgan, ularning xatolari va yutuqlaridan xulosa chiqara olgan, egallagan har bir bilimini amaliyotga qoʻllay olgan zukko inson edi. U axloqi va odobi kamolotga yetgan, imoni baquvvat, adolat uchun kurashadigan toʻgʻrisoʻz, yetimparvar, ilm-fanni sevguvchi, bir umr oʻrganishdan charchamaydigan ilm-u tolib hukmdor edi. Maʼlumotlarga koʻra, u bir nechta tilni mukammal bilgan, oʻz davrining mashhur olimlarini ham donoligi va oʻtkir bilimi bilan dovdiratib qoʻygan.
Temuriylar davrida butun dunyoga nomlari mashhur tarixchilar Sharofiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy, olimlar – Mirzo Ulugʻbek,
Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy; faylasuf shoirlar – Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, musavvirlar – Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mirak naqqosh, xattotlar – Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Muhammad bin Nur kabilar maʼnaviyat va maʼrifat rivojiga ulkan hissa qoʻshgan.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temur va temuriylar davrida taraqqiysiga yetgan ilm-fan, maʼrifat, maʼnaviyat va madaniyat jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa boʻlib qoʻshildi. Natijada shaharsozlik, meʼmorchilik, ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohalari jadal rivojlandi. Xalqaro savdo va diplomatik aloqalar faollashdi. Boshqacha aytganda, oʻlka dunyoning eng buyuk siyosiy, iqtisodiy, madaniy markaziga aylandi.
Bunda ulugʻ bobomiz, Sohibqiron Amir Temurning xizmatlari beqiyos va benazirdir. Buni hammamiz, ayniqsa, yoshlar toʻgʻri anglamogʻi lozim. Zero, Amir Temurning adolatli jamiyat barpo etish, xalq farovonligini taʼminlash, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga oid ezgu tamoyillari bugun yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy islohotlar bilan hamohangdir.
Valijon HAQLIYEV,
tarix fanlari nomzodi,
dotsent, isteʼfodagi podpolkovnik.
