Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Sohibqiron Amir Temur buyuk sarkarda, zakiy davlat arbobi boʻlish bilan birga, zamonasining benazir dahosi, ulkan qobiliyat va isteʼdod egasi hamda ilm-fan va madaniyatning homiysi edi.
U yoshlik chogʻlaridanoq, sharq tarixi, falsafa, adabiyot va sanʼat, islom dini va uning odob-axloqqa oid muqaddas taʼlimotiga mustahkam eʼtiqod bilan qaragan. Shu bilan birga, handasa, falakiyot, mantiq, fiqh, ilohiyot, tarix, jugʻrofiya va tibbiyot ilmlarini puxta oʻzlashtirgan. Shuningdek, oʻz zamonasining rasmiy uch tili, yaʼni, turk, fors va arabchani mukammal bilgan. Sohibqironning shijoatli ruhida ilm va uning ahliga hurmat-u eʼzoz kuchli boʻlgan.
Buyuk bobokalonimizning naqshbandiya tariqatining asoschisi Xoja Bahouddin va u yaratgan taʼlimotga ixlosi baland edi. Shu bois u Xoja Shamsuddin Kulol, Mavlono Zaynuddin Abu Bakr Toybodiy, Sayyid Amir Kulol va Mir Sayyid Baraka singari ulugʻ diniy allomalarni oʻziga pir deb bilgan, ularning maʼnaviy-ruhiy madadlaridan, taʼlimotlaridan doimo mislsiz kuch-quvvat olib kelgan.
Amir Temur ulamo va fozillarga izzat-ikrom koʻrsatib, boshqalardan ustun va ulugʻ, deb sanagan. Diniy arboblar, ulamo va shayxlar bilan mazmunli bahslar yuritgan, martabalarini har doim oshirib, sovgʻa-salomlar hadya etib kelgan.
Islom dinini, shariat qonun-qoidalarini xurofot, bidʼat, mutaassiblik, johillik, razolat, shakkoklik, diyonatsizlik kabi illatlardan astoydil himoya qilgan. Ulugʻ ajdodimiz diniy ilmlar bilan birga, dunyoviy ilmlarni ham puxta oʻzlashtirdi. Ilm-fan va madaniyatning u xabardor boʻlmagan biron-bir sohasi boʻlmaganligiga uning keng qamrovli, mazmunan nihoyatda chuqur «Temur tuzuklari» ham misol boʻla oladi.
Eng muhimi, Amir Temur buyukligining zamirida uning maʼnaviy sifatlari yotadi. Sohibqiron bobomizning maʼnaviy, diniy-axloqiy, ijtimoiy-falsafiy qarashlari markazida islom taʼlimoti, Qurʼoni karim, Hadisi sharif, tavhid, tafsir, fiqh, tasavvuf ilmi va falsafasi turganligi ayni haqiqatdir.
Shuningdek, u oʻz millati madaniyati, tarixi, urf-odatlari, anʼanalari, milliy qadriyatlarini chuqur bilganligi va astoydil hurmat qilganligi haqida aniq maʼlumotlar keltirilgan. Ayniqsa, qadimiy Turon va Turkiston xalqlari davlatchiligi masalasida keng bilim va maʼlumotlarga ega sanalgan. Shu sababli ham buyuk vatandoshimiz mislsiz yorqin tarixiy shaxs sifatida oʻzini tarbiyalagan, oʻziga maʼnaviy oziq bergan, ulkan ishlarga chorlagan el-yurtining ilmiy-falsafiy taʼlimotlariga katta qiziqish bilan qaragan. Sharq donishmandlari hisoblanmish Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi ulugʻ mutafakkirlarning tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy taʼlimotlaridan toʻliq xabardorligi bugun hech kimga sir emas.
Sohibqiron Sharqona anʼanalarga sodiq qolib, doimo olimlar, faylasuflar, tabiblar, munajjimlar, muhaddislar, hokimlar, amirlar, vazirlar, mashhur va taniqli sanʼat ustalari, turfa kasb egalari bilan kengashib, ularning maslahatlarini olib, ish yuritgan.
Olim-u fuzalolar, diniy ulamo va allomalar boshini doimo silab turganligi bois, firdavsmonand poytaxt Samarqand jahon ilm-fani va madaniyatining gultoji hisoblangan faylasuflar, fiqhshunoslar, tarixchilar, musiqashunoslar, munajjimlar, muhaddislar, mutasavvuflar maskani hisoblangan. Mavlono Abdumalik, Sayyid Sharif Jurjoniy, Hoji Muhammad Zohid Buxoriy, Mavlono Ahmad, Nizomiddin Shomiy, Hofizi Abru, Ibn Arabshoh, Saʼdiddin bin Umar Taftazoniy va boshqa allomalar Amir Temur rahnamoligida unumli ijod qilib, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan. Mazkur dalillar Amir Temurning dunyoqarashi, din, odob-axloq, madaniyat, maʼnaviyat, maʼrifat haqidagi fikr va mulohazalari asossiz paydo boʻlmaganligidan darak beradi.
Shaxsan Amir Temurning oʻzi odob-axloq, iymon-eʼtiqod, taʼlim-tarbiya, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat bobida yuksaklikka, mukammallikka erishgan siymolardan biri sanaladi. Uning saltanati yuksak maʼnaviyat va oliy darajadagi madaniyatga yoʻgʻrilgan saltanat edi. Maʼnaviyat va maʼrifat, din, odob-axloq haqidagi Amir Temur taʼlimotining mohiyatini chuqur va mukammal bilib olish uchun uning oʻzi tomonidan yaratilgan odob-axloqqa oid dasturlar, pand-nasihatlarni hamda boshqa olimlarning u haqda yozgan asarlarini koʻzdan kechirish kifoyadir. «Temur tuzuklari», «Amir Temur oʻgitlari», «Amir Temur vasiyati», Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma», Ibn Arabshohning «Amir Temur tarixi», Salohiddin Toshkandiyning «Temurnoma»,
B. Ahmedovning «Tarixdan saboqlar» va «Amir Temur», Yevgeniy Berezikovning «Buyuk Temur», Ashraf Ahmedovning sohibqiron tarjimayi holiga oid asarlari va boshqalar shular jumlasidandir.
Sohibqironning maʼnaviyat va maʼrifat haqidagi taʼlimoti asoslari, murakkab va serqirra hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati uning «Tarjimayi holi»da va «Tuzuklari»da chuqur bayon etilgan. Amir Temurning insonparvarligi, millatsevarligi, maʼnaviyat va maʼrifatning jonkuyar homiysi sifatidagi insoniy fazilatlari uning farzandlariga qoldirgan vasiyat soʻzlarida yanada yaqqolroq namoyon boʻlgan.
Maʼrifat va maʼnaviyat homiysi – Amir Temur sofdil kishilar, olim va fozillarga dargohi ochiq boʻlgan, nafsi yomon, koʻngli buzuq kimsalarni esa oʻziga yaqinlashtirmagan. Har kimning qadr-qimmatini amaliy faoliyati, odob-axloqi, iymon eʼtiqodiga qarab oʻlchagan. Shu tariqa, sohibqiron bobomiz adolat, qadr-qimmat, or-nomus, burch, masʼuliyat, vijdon, iymon-eʼtiqod, halollik, fidoyilik singari maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar haqida necha-necha avlod-u ajdodlarga dastur va yoʻl-yoʻriq boʻlib xizmat qiladigan taʼlimotlar yaratgan va hayotga shaxsan oʻzi joriy etgan.
Shunday qilib, Amir Temurning ibratli, hayotiy pand-nasihatlari va purmaʼno oʻgitlarining har biri mazmun va maʼno kengligi, mantiqning kuchliligi, teranligi, taʼsiri, umuminsoniy qadriyatlar asosiga qurilganligi bilan alohida oʻrin tutadi. Ularni ulkan xazina, odob-axloqqa oid dasturlar deya olamiz.
Shu bois ular xalqlarni bir maqsad sari birlashtirgan, jipslashtirgan, muvaffaqiyatlarga erishtirgan, sehrli tarbiyaviy kuchga ega boʻlgan durdona xazinadir. Bu ulkan maʼnaviyat va maʼrifat boʻstoni buyuk Temurning mamlakatda tinchlik-osoyishtalik oʻrnatish, fan va madaniyatni rivojlantirish, xalqlar oʻrtasida buzilmas doʻstlik, mehr-shafqat, odamiylik va axloq-odobni tarbiyalashda mustahkam poydevor sifatida yaratilgan.
