Mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda ularga eʼtibor yanada kuchaymoqda.
Hozirgi paytda jamiyat hayotining hech bir sohasini xotin-qizlarsiz tasavvur qilish qiyin. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida, siyosiy partiyalarda faoliyat koʻrsatishyapti. Tadbirkorlik bobida ancha-muncha erkaklarni ortda qoldirishmoqda. Ilm-fan, sanʼat, sport sohalarini-ku, gapirmasa ham boʻladi. Ayollar orasida «Oʻzbekiston Qahramoni» degan yuksak unvonga sazovor boʻlganlar soni ham ortib bormoqda. Ular yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida erkaklar bilan bab-baravar fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda.
Bir qarashda noziknihol koʻringan ayollarimiz oʻz yelkalariga Vatan himoyasi, huquq-tartibot muhofazasidek mashaqqatli masʼuliyatni olishdan ham choʻchishmayapti. Masalan, ichki ishlar organlarining deyarli barcha sohaviy xizmatlarida ularni uchratish mumkin. Tizimda faoliyati davomida erishgan yutuqlari uchun davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻlgan xotin-qizlar talaygina.
Lekin ularning jamiyat oldidagi eng buyuk xizmati, eng ulugʻ martabasi onaligidir. Ayollar farzandni dunyoga keltirish uchun ikki yoʻl: hayot va oʻlim orasida turishadi. Qolaversa, bir parcha etni voyaga yetkazguncha qancha mashaqqat chekishadi. Rasululloh (s.a.v.) ham onaga yaxshilik qilishga koʻp bora buyurganlar. Zotan, paygʻambarlarni ham, ne-ne daholarni ham ONA tugʻib, tarbiyalagan. Baxz ibn Hakimdan shunday rivoyat qilinadi:
«Yo Rasululloh, kimga yaxshilik qilay?» – dedim.
«Onangga», – dedilar.
«Soʻngra kimga?» – dedim.
«Onangga»,– dedilar.
«Soʻngra kimga?»– dedim.
«Onangga»,– dedilar.
«Soʻngra kimga?» – dedim.
«Otangga va soʻng yaqin boʻlgan qarindoshlaringga»,– dedilar».
Farzandning kelajakda qanday inson boʻlib voyaga yetishi koʻp jihatdan unga bolaligida onasi bergan taʼlim-u tarbiyaga bogʻliq. Shunday ekan, davlat, jamiyat oʻzining kelajagi haqida qaygʻursa, birinchi galda xotin-qizlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatishi lozim. Zero, kelajak ayollardan boshlanadi.
Ulugʻ shoirimiz, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov bu ulugʻ, moʻtabar zotni taʼrif-u tavsiflab, shunday purmaʼno satrlarni bitgan edi:
Men sharqlik odamman,
Ayol degan soʻz
Menga hayot bilan barobar kalom.
Oh, ayol xoʻrligin koʻrsatma hargiz,
Hargiz bad boʻlmagay ayol degan nom.
Inson atab boʻlmas hech bir, hech mahal
Ayolni tanimas takabbur boshni.
Undayin yulduzning soʻngani afzal,
Agar tan olmasa senday quyoshni.
Ayol chehrasida koʻrsang tabassum,
Bilki, zamona tinch, osoyish olam.
Ayolga tilasang gar tole maʼsum,
Dunyoni olovdan asra, ey Odam!
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, «ayol» soʻzi «hayot» soʻzi bilan uyqash, ohangdosh. Bu bejiz emas. Zero, ayollarsiz insoniyat hayoti bardavom boʻlmasdi.
Xulosa qilib aytganda, uyimizning farishtasi boʻlgan duogoʻy buvijonlarimiz, biz uchun jonini ham ayamaydigan mehribon onalarimiz, xonadonimizning sarishta bekasi boʻlgan suyukli yorlarimiz, atrofimizda parvona boʻladigan munis-u mushfiq opa-singillarimiz baxtimizga omon boʻlishsin. Ularning baxti, xotirjamligi uchun masʼul ekanimizni biz – erkaklar hech qachon unutmaylik.
Bobomurod TOSHEV,
«Postda» muxbiri.
