Bayroq atamasi eski turkiy atama boʻlib, u bundan ming yillar avval ham aynan shu maʼnoda qoʻllangan. Tilshunoslarning aytishicha, bu nom qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qoʻllangan. Yaʼni, bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi boʻlib, 

u baland joylarga, hukmdorlar chodiriga oʻrnatib qoʻyilgan. Uni tugʻ, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.

Sohibqiron Amir Temur saltanatida bayroq davlat va millatning gʻururi sanalgan. Uch halqa tasviri tushirilgan tugʻ Sohibqiron qoʻshinidagi eng ishonchli bahodirlar, sarkardalar tomonidan qoʻriqlangan. Urush paytida qoʻshin oldida baland koʻtarilgan bayroq jang­chilarga jangovar ruh bagʻishlagan, ularning kayfiyatini koʻtarib, zafar sari olgʻa chorlagan. Amir Temur «Jang maydonida bir sipohiy omon qolsa ham bayroqni baland tutsin!», deb farmon bergan va bayroqning egilishini magʻlubiyat deb qabul qilgan. Shuningdek, «Temur tuzuklari»da aytilishicha, janglarda shijoat va mardlik koʻrsatib, gʻanim ustidan gʻalaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari – tugʻ va nogʻora inʼom etilgan.

Mana 32 yildirki, bayrogʻimiz gʻurur va faxrimiz timsoliga aylandi. U Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqlarida, rasmiy delegatsiyalarimizning xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro konferensiyalarda, jahon koʻrgazmalarida hilpiramoqda. Nufuzli sport musobaqalarida muzaffar sportchilarimiz sharafiga yuksak koʻtarilmoqda. Qurolli Kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz Davlatimiz bayrogʻi poyida Vatanni koʻz qorachigʻiday asrash, uni oʻz shaʼni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladilar. 

Joriy yil 7-iyulda yurtimiz bayrogʻidan keng foydalanilishini, Vatanga nisbatan faxr-iftixor va mehr-muhabbat tuygʻulari yanada kuchaytirilishini taʼminlash maqsadida «Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun qabul qilindi. Unga koʻra, davlat bayrogʻidan foydalanilishi mumkin boʻlgan holatlar kengaytirildi. Jumladan, endilikda:

 bayroq va uning tasviri tushi­rilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;

 bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmat­chilar dafn marosimlarida;

 xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkin.

Shuningdek, bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi. Xususan, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish; biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich sifatida foydalanish; stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshash yoki tasvirlash; kiyim-ke­chak, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish; bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastroʻmol, koʻrpa-toʻshak, ichki kiyim-kechakka, sochiqlarga, qutilarga (oʻrovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun moʻljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish; bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.

Vatan bayrogʻi – muqaddas. Ajdodlar orzu-armoni aks etgan, xalqimizning buguni, kelajakka boʻlgan komil ishonchi jilolangan bu qutlugʻ ramzni koʻzga surtmoq, toʻtiyo qilmoq kerak. Zero, chinakam vatanparvarlik shundan boshlanadi. 

Kamol OLLOYOROV 

tayyorladi.