Abdulla Qahhorning mashhur dachasi hozir Said Ahmadniki. Bu birinchidan, ikkinchidan, dacha Yozuvchilar bogʻining shundoq kiraverishida joylashgan. Uchinchidan, Said Ahmad aka palovni «sayratib» yuboradi. Choʻngʻara guruchi-yu zaytun yogʻidan qilingan oshni koʻp adiblar yegan. Nega deganda ustoz pishirgan oshini baribir bitta oʻzi yemaydi. Boqqa dam olishga borgan yozuvchilardan koʻngil yaqinlarini albatta chaqirib chiqadi. Oshxoʻrlar ham judayam noinsof emas. Oshga har kim baholi qudrat «hissa» qoʻshadi. Birov toʻrttagina sabzi, birov Yozuvchilar bogʻining oshxonasidan olib chiqilgan bir kaftgina tuz, birov bir quti gugurt degandek... 

Qolgan «arzimas» xarajatlar – goʻsht, yogʻ, devzira guruch va boshqalar Said Ahmad akadan.

Kunlarning birida Erkin Vohidov qoʻngʻiroq qilib qoldi.

– Yuring, oqsoqolning dachasiga borib, piyozdan xabar olib kelamiz.

– Qanaqa piyoz? – degan edim, tushuntirdi. Erkin aka ustozning dachasiga bir emas, naqd oltita piyoz olib borgan ekan. Piyoz boʻlgandayam zoʻridan. Oltiariqning piyozi! Erkin Vohidov, Rahmatulla Inogʻomov, men – uzun-qisqa boʻlib kirib bordik. Piyozdan xabar olgani kelganimizni aytdik. Ustoz peshanasi tirishibroq osh damladi. Maʼlum boʻlishicha, bu Erkin aka bilan Rahmatulla akaning toʻrtinchimi-beshinchimi marta «piyozdan xabar olishi» ekan. Men ham mazaxoʻrak boʻlib qoldim. Tekin osh kimga yoqmaydi! Kelasi shanba Erkin Vohidovga qoʻngʻiroq qildim.

– Piyozdan xabar olib kelmaymizmi?

– Iloji yoʻq, – dedi Erkin aka, – «piyoz operatsiyasi» barbod boʻldi. Keyin voqeani tushuntirdi. Ertalab koʻchaga chiqsa, darvoza oldida chiroyli lenta bilan oʻralgan qogʻoz quti turgan emish. Erkin aka hayron boʻlib qutini ochsa, qat-qat qogʻoz orasidan sargʻayib ketgan bitta piyoz, yonida konvertga solingan xat chiqibdi. Xatda shunday soʻzlar yozilgan ekan: «Erkin, bolam, piyozing uyimga ketaman, deb xarxasha qilaverib yuragimni siqib yubordi. Shuncha yalinsam ham koʻnmadi. Seni qattiq sogʻinibdi. Ichikib, kasal boʻlib qoldi. Xafa boʻlma, uch-toʻrt kun tabibga qaratsang, oʻziga kelib qoladi. Sen piyozingni yaxshilab davolatib tur. Kelasi hafta oʻttiz-qirq kishi koʻrgani boramiz».

– Endi nima qilasiz? – desam, Erkin Vohidov topgan chorasini aytdi.

– Hozir oqsoqolga qoʻngʻiroq qilmoqchi boʻlib turuvdim. «Piyozning dardi ogʻir ekan, shoʻrlik oʻlib qoldi», – deb qoʻya qolaman.

– Esingiz joyidami? – dedim kapalagim uchib. – Oqsoqol piyozingning taʼziyasiga keldik deb, yuz kishini boshlab kelsa nima qilasiz? 

– Bu yogʻiyam bor, – dedi Erkin aka oʻylanib. – Mayli, bir yoʻlini qilarman.

Uch kundan keyin Said Ahmad akaga Erkin Vohidovdan xat boribdi. Xatda shunday soʻzlar bitilgan ekan. «Ustoz! Piyozimni shuncha boqqaningiz uchun rahmat. Ikki kunda oyoqqa turib ketdi, kelib ovora boʻlib yurmanglar. «Yoshlik – beboshlik» deb shuni aytadi-da! Hayronman, tengini topibdimi, bitta piyoz bilan Oltiariqqa qochib ketdi!»


Oʻtkir HOSHIMOVning «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobidan.